Trampning Osiyo siyosati: Izolyatsionizm va do'q-po'pisalar

  • Amerika Ovozi

Donald Tramp Xitoy vebsaytlarida

Donald Tramp Xitoy vebsaytlarida

Shu yil fevral oyida prezidentlikka respublikachi nomzod Donald Tramp Shimoliy Koreyaning yadroviy tahdidiga qanday javob berish kerak, degan savolga javoban Kim Chen Unni o’ldirish haqida gapirgan edi.

"Shunday qilardimki, Xitoy u shaxsni tezda yo’q qilardi”, - degan edi Tramp "CBS" telekanali bilan suhbatda. Joniga qasd qilishni nazarda tutyapsizmi, degan savolga u “bundan-da yomonroq narsalar haqida eshitganman”, deb javob qaytardi.

O'sha gapdan uch oy o’tib, Donald Tramp Shimoliy Koreya rahbari bilan yuzma-yuz muzokara olib borish kerakligini ta’kidladi. Kim Chen Unni muzokaraga taklif etar ekan, “men hamma bilan gaplashishga tayyorman”, dedi nomzod.

Xullas, so’nggi to’rt oy ichida Trampning Shimoliy Koreyaga nisbatan qarashlari bir necha marta o’zgardi.

Prezident Barak Obama AQSh-ASEAN sammitida. Kuala-Lumpur, 21-noyabr 2015-yil

Prezident Barak Obama AQSh-ASEAN sammitida. Kuala-Lumpur, 21-noyabr 2015-yil

Trampdan farqli o’laroq, Hillari Klintonning Osiyo mintaqasiga yondashuvi an’anaviy. Davlat kotibi lavozimida u AQShning Osiyodagi hamkorlari bilan aloqalarini chuqurlashtirdi, Osiyoni iqtisodiy va harbiy hamkorga aylantirish siyosatiga bosh-qosh bo’ldi.

Biroq Klinton olg'a surayotgan tashqi siyosat Obamanikidan biroz farq qiladi. U, xususan, Trans-Tinch okeani hamkorligi (TPP) nomli erkin savdo bitimiga qarshi. Xitoyga ham tanqidiy yondashadi.

Tramp tuturuqsizligi

Trampning tashqi siyosatga oid firklari izolyatsionizm va bosqinchilikka asoslangan. Osiyo bilan sheriklikdan AQShga naf yo’q, qo’shinlarni olib chiqish kerak, deydi u. Aprel oyida Yaponiya va Shimoliy Koreya o’rtasidagi ehtimoliy urush xususida fikr bildirar ekan, “omad sizlarga, vaqtni yaxshi o’tkazinglar”, deb aytgan edi.

Klinton kabi Tramp ham erkin savdo bitimlariga qarshi. Ularni deb Amerikada ish joylari kamaydi, deydi u. Ammo Trampning kompaniyalari kiyim-kechakni aynan Xitoyda ishlab chiqaradi.

AQShga import qilinayotgan Xitoy mahsulotlariga 45 foiz tariff joriy etish kerak, deydi nomzod.

Hillari Klinton Donald Trampga tegishli kompaniya Xitoyda ishlab chiqargan galstukni namoyish qilmoda. Kolorado. 3-avgust 2016-yil

Hillari Klinton Donald Trampga tegishli kompaniya Xitoyda ishlab chiqargan galstukni namoyish qilmoda. Kolorado. 3-avgust 2016-yil

Trampning maslahatchisi: u zo’r muzokarachi

Trampning Osiyoga oid bayonotlari noizchil tuyulsa-da, aslida hammasi uyg’un, deya da'vo qiladi uning iqtisodiy maslahatchisi, professor Piter Navarro.

Trampning yondashuvi sobiq Prezident Ted Ruzvelt siyosati bilan hamohang, deydi u.

“Shirinso’z bo’l, ammo qo'lingda katta tayoq bo'lsin. Trampning maqsadi - iqtisodni va armiyani qayta tiklash, Xitoy bilan ziddiyatga borish emas”, - deya tushuntiradi Navarro.

Ammo xorijiy rahbarlarga nisbatan do’q-po’pisa shirinso’zlikni anglatmaydi-ku, shunday emasmi, degan savolga Navarroning javobi shuki, Trampning bunday gaplari shunchaki strategiya.

“Muhimi muzokarada ustun kelish", deydi u. "Tramp agar Xitoy mahsulotlariga katta soliq solaman desa, aslida maqsadi bu davlatni firibgarliklarni to’xtatishga majbur qilish”, - deya tushuntiradi u.

TPP bitimiga qarshi Oq uy ro'parasida namoyish. 3-fevral 2016-yil

TPP bitimiga qarshi Oq uy ro'parasida namoyish. 3-fevral 2016-yil

Milliy xavfsizlik doiralari Trampga ishonmaydi

Trampning Osiyo bo'yicha takliflarini ma’qullaganlar ozchilik. Chunki u na tarixdan xabardor, na hozirgi voqelikdan, deydi AQShning Markaziy razvedka boshqarmasida Sharqiy Osiyo bo’limini boshqargan Dennis Uaylder.

“Men hayratdaman. Bizning Sharqiy Osiyoda, xususan Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur yoki Filippinda joylashtirilgan qo’shinlarimizdan foyda yo’q deyish Sharqiy Osiyoni tushunmaslik degani. Bu mintaqa aynan AQSh bilan hamkor bo’lgani sababli eng tinch mintaqalardan biri”, - deydi mutaxassis.

O’tgan oy Osiyo bo’yicha bir guruh respublikachi ekspertlar ochiq xatda Trampni tanqid qildi va Klinton uchun ovoz bermoqchi ekanini bildirdi.

Undan oldin ham 50 respublikachi – bari milliy xavfsizlik sohasi ekspertlari – Trampni tanqid qilib chiqqan edi.

Buning oqibatida butun milliy xavfsizlik doiralari Trampdan yuz o’girishi hech gap emas, deydi AQSh mudofaa vazirligida ishlagan Mitchel Shivers.

“U hukumatni boshqarish va mamlakatimizni himoya qilish uchun zarur bo’lgan tashqi siyosat va milliy xavfsizlik bo’yicha kerakli mutaxassislarni o’z tarafiga og’dira oladimi? Mening bu borada shubham bor”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG