Xalqaro tashkilot: Osiyoda iqtisodiy o’sish sekinlashadi

  • Amerika Ovozi


Osiyo Taraqqiyot Banki joriy yilning ikkinchi yarmida mintaqada o’sish sur’atlari pasayishini bashorat qilmoqda. AQShdagi byudjet mashmashalari sabab raqamlar yaqin orada yana o’zgarishi mumkin, deydi mutaxassislar.

Osiyo Taraqqiyot Bankining so’nggi hisobotida yozilishicha, regionda o’rtacha o’sish sur’ati avval bashorat qilinganidek 6,6 foiz emas, balki olti foizni tashkil etishi kutilmoqda. Bu asosan Xitoy va Hindistonda iqtisodiy faoliyat sustlashgani bilan bog’liq.

Ammo hisobotda AQShda kechayotgan moliyaviy kelishmovchiliklar va ularning oqibatlari inobatga olinmagan. 17-oktabrga borib, Kongress qo’shimcha qarz olishga ruxsat bermasa, mamlakat tarixda ilk bor o’z majburiyatlarini bajara olmasligi mumkin.

Natijada nafaqat AQShda, balki Osiyoda ham o’sish sekinlashadi, deydi Chang Yong-ri, Osiyo Taraqqiyot Banki bosh iqtisodchisi. U qimmatli qog’ozlar bozorida alg’ov-dalg’ov boshlanib, 2008-yilgi inqiroz qaytalanishini bashorat qiladi.

“Osiyoda sarmoya oqimi keskin kamayishini, moliyaviy muammolar qalqib chiqishini kutsa bo’ladi. 2008-yilda bo’lgan voqealar takrorlanishi ehtimoli bor”, - deydi ekonomist.

Gonkongdan turib “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan Chang Yong-ri krizis ta’siri har bir davlatda turlicha bo’lishini aytadi.

“Agar AQSh iqtisodiyoti bilan uncha bog’liq bo’lmagan, bozori nisbatan yopiq rivojlanayotgan bir mamlakat bo’lsa, unchalik ziyon ko’rmaydi. Ammo Indoneziya, Malayziya, Tailand, Janubiy Koreya, Gonkong va Singapurning kapital bozorlari ochiq, ular xorijiy sarmoyaga tayanadi va zarba yeyishi aniq”, - deydi iqtisodchi.

AQShda kelasi yilgi byudjet qabul qilinmagani bois hozir hukumat idoralari qisman yopiq. Qarz olish chegarasini ko’tarish masalasi ham dolzarb bo’lib turibdi. Agar qonunchilar bu masalalar bo’yicha kelisha olmasa, Osiyo Taraqqiyot Banki bashoratlarini qayta ko’rib chiqadi.

Bankning bildirishicha, 2014-yilda Osiyo bo’ylab o’sish 6,2 foizni tashkil etadi.

AQSh Moliya vaziri Jozef Lu hukumatning har kungi xarajatlarini qoplash uchun barcha imkoniyatnlarni ishga solib bo’ldik, deya Kongressga ogohlantirish bermoqda. 17-oktabrda g’azna bo’shaydi va kelasi yil uchun yangi byudjet qabul qilinishi shart.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG