Jahon bozorida neft qimmatlab bormoqda

  • Amerika Ovozi

Jahon bozorida neft qimmatlab bormoqda

Jahon bozorida neft qimmatlab bormoqda

Jahon bozorida neftga talab oshib, AQSh dollari zaif ekan, yonilg’i narxi tobora oshib bormoqda. Narx-navo hali beri tushmaydi, deydi iqtisodchilar.

Osiyo bozorida bu hafta bir barrel neft narxi 91 dollarni tashkil etdi. Yaqin ikki-uch haftada 100 dollarga chiqishi taxmin qilinmoqda. Sentabrda bir barrel yonilg’i 75 dollar atrofida edi.

Narx-navo dunyoning qator davlatlari hamon zaif iqtisodiyotni tiklashga urinayotgan payt oshgandan oshmoqda.

Tahlilchi Jeyson Fir buning sabablarini keltiradi. Qishda issiqlikka talab ortib boradi, Fransiyada esa yaqinda ish tashlashlar oqibatida zavodlar ishi to’xtadi, yonilg’i ta’minoti

to’xtadi. Bularning bari neftga bo’lgan talabni, demakki uning narxini ham ko’taradi.

“Bu orada Osiyo davlatlari iqtisodiyoti jadal o’sib borayapti”, - deydi Jeyson Fir. “Qo’shma Shtatlarda yonilg’iga ehtiyoj baland. Bu omillar ham neftning qiymatini osmonga ko’tarmoqda”.

Iqtisodchilar deydiki, AQSh dollari zaif ekani ham bunda katta rol o’ynaydi. Chunki neft dollarda baholanadi.

Qo’shma Shtatlarda savdo-sotiq sust, byudjet kamomadi yuqori ekani sabab kelasi yil ham dollar kuchga to’lishi gumon.

Neftga tayangan aviatsiya sohasi yonilg’i narxi oshishiga hozirlik ko’rmoqda.

Havo yo’llari bo’yicha mutaxassis Albert Tjoeng fikricha, sanoat kelasi yil energiya uchun 156 milliard dollar xarajat qilishi mumkin. Joriy yil bu raqam 139 milliard dollar atrofida edi.

Dunyoda nafaqat yonilg’i, balki oziq-ovqat mahsuloti, jumladan, don narxi ham ko’tarilgan. Bu esa inflyatsiyaga turtki berishi mumkin.

BMT rasmiylari Osiyoda bundan ayniqsa, yo’qsil aholi, 950 million kishi ziyon ko’radi, deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG