"Islomiy davlat" Janubi-sharqiy Osiyoda ta'sirini kengaytirmoqda

  • Amerika Ovozi

So'nggi yillarda Janubi-sharqiy Osiyodan yuzlab jangarilar "Islomiy davlat" guruhiga qo'shilish uchun Suriya va Iroqqa kelgan. Xavfsizlik bo'yicha mutaxassislar fikricha, mintaqadagi jangari guruhlar va Yaqin Sharqdagi terrorchi tashkilot o'rtasida aloqa kuchayib bormoqda.

Tadqiqotchilar tahdid ko'lamini bo'rttirish niyatida emasliklarini, ammo xavotir olish uchun sabablar yetarli ekanini aytmoqda.

"Janubi-sharqiy Osiyodagi hukumatlar qaytayotgan jangarilardan xavotirda va bu haqda ular bir necha yillardan beri tashvish bildirib kelmoqda. Yaqin Sharqdan katta tahdid oqib kelayotgani haqida hozircha dalil bo'lmasa ham, tashvish darajasi oshib bormoqda", - deydi Jakartada konfliktlarni o'rganuvchi institut direktori Sidni Jouns.

So'nggi yillarda "Islomiy davlat"dan ilhom olgan hujumchilar Janubi-sharqiy Osiyoda bir necha xurujlarni amalga oshirdi, lekin bunday hodisalar soni Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq, Yevropa va Amerikadagi hujumlardan ancha kam.

2016-yil Indoneziya poytaxti Jakartada hamda Markaziy Yava orolidagi politsiya idorasida qo'poruvchilik harakati amalga oshirildi. Janubiy Filippinda ham bir necha xurujlar ro'y bergan.

Shunga qaramay, bu hududdan Yaqin Sharqqa otlanayotgan jangarilar soni nisbatan ancha kam. Tahlilchilar taxminicha, Indoneziya va Malayziyadan 800 kishi, Avstraliyadan 100 atrofida hamda Singapur va Filippindan bir necha odam Yaqin Sharqqa yo'l olgan.

Ammo terrorchi tashkilot Janubi-sharqiy Osiyodagi tarqoq guruhlarni birlashtirishi mumkinligi haqida xavotirlar bor.

Sulu dengizi mintaqasida guruhlar birlashmoqda

Filippin janubi, Malayziyaning Saba shtati hamda Indoneziyaning Sulavesi oroliga tutash Sulu dengizi hududi, ayniqsa, xavotirli, deydi kuzatuvchilar.

Jounsga ko'ra, bu yerda kamida 4-5 ta jangari guruh faol. Ular "Islomiy davlat"ga bay'at bergan turli etnik guruhlarni namoyon qiladi.

"Ilk bor IShIDning mavjudligi etnik va geografik to'siqlarni yengib, guruhlarni birlashtirmoqda", - deydi tahlilchi.

Shu yilning aprelida Filippinning Basilan viloyatida xavfsizlik kuchlari "Islomiy davlat"ga o'zini mansub deb bilgan mahalliy jangari guruh hujumiga duch kelgan edi.

Singapurdagi Nanyan Texnologiya universiteti professori Jozef Chinyon Liyo fikricha, Filippindagi zo'ravonlik Janubi-sharqiy Osiyo davlatlariga terrorizm qanchalik jiddiy xavf solayotganining isbotidir.

2014-yil "Islomiy davlat" jangarilari guruhning Janubi-sharqiy Osiyo qanotini tuzdi. "Katiba Nusantara" nomini olgan bu guruh a'zolari, asosan, Malayziya va indoneziyaliklardan iborat. Liyoning aytishicha, hukumatlar kuchayayotgan tahdidga munosib tarzda xavfsizlik choralarini oshirmoqda. Ammo bu xavf bartaraf etilganini anglatmaydi, deydi u.

"Kattaroq xavf shundaki, IShID mahalliy jihodchilarga shu yerdagi kurashlarini davom ettirishga ilhom berishi mumkin", - deydi u.

IShIDning Tailandga aloqasi

Avstraliya huquq-tartibot organlari "Islomiy davlat" jangarilari va janubiy Tailanddagi isyonchi guruhlar o'rtasida aloqa borligi aniqlangan.

Tailand janubida 2004-yildan beri davom etayotgan qo'zg'olonda shu paytgacha 6000 dan ziyod odam halok bo'lgan. Isyonchilar xalqaro darajadagi maqsadlarga ega emas, ular markaziy hukumatdan mustaqillik talab qiladi. Tailand hukumati guruh va IShID o'rtasida aloqa mavjudligini inkor qiladi.

Avstraliya rasmiylari chiqargan hisobotda Tailandliklar "Islomiy davlat"ga moliyaviy yordam berayotgani hamda Tailandda 100 mingdan ortiq "Facebook" foydalanuvchisi jangarilarga oid saytlarga kirishi qayd etilgan.

Razvedka bilan shug'ullanuvchi manbalar bu ma'lumotlarda jon borligini "Amerika Ovozi"ga tasdiqladi, ammo Tailand hukumati bu da'voni rad etadi.

Songkla shahzodasi universiteti professori Srisompob Jitromsrining aytishicha, vaziyat jiddiy o'rganishni taqozo qiladi.

"Mening tadqiqotlarimga ko'ra, janubda aholining 10 foizi yoki undan kamrog'i IShID mafkurasini qo'llab-quvvatlaydi. Bu jiddiy miqdor. Xavotirga molik holat. IShID qilgan ishlarni 8-10 foiz odam ma'qullaydi", - deydi u.

Avstraliyalik tahlilchi Rojer Shanahan fikricha, Yaqin Sharqdan qaytadigan jangarilar soladigan tahdid yanada xavfliroq bo'lishi mumkin.

"Qaytayotgan jangarilar soni kam bo'lsa ham, ularning mahorati ancha oshgan bo'ladi. O'z bilganlarini boshqalarga o'rgatishlari mumkin. Bomba yasash, xavfsizlik va amaliyotlar bo'yicha ularning tushunchasi keng bo'ladi. Xavotirlisi shunda", - deydi Shanahan.

Tadqiqotchi hukumatlarni ehtimoliy hujumlardan ogoh bo'lishga chaqiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG