Demokratik jamiyat qurish kuchli iroda va qattiq mehnat talab qiladi

  • Amerika Ovozi

Qohira, 18 fevral 2011, 30 yillik diktator Husni Muborak hokimiyatdan ketgan kun

Qohira, 18 fevral 2011, 30 yillik diktator Husni Muborak hokimiyatdan ketgan kun

Chorak asr va undan ortiq vaqt davlatni boshqargan rahbarlar xalq qo’zg’oloni natijasida hokimiyatdan ketmoqda.

Misr va Tunisdagi voqealar ketidan butun mintaqa erkinlikka intilayotgandek.

Biroq tarix shundan guvohlik beradiki, o’tish davri murakkab va nozik jarayon.

Husni Muborak prezidentlikdan ketganidan ko’p o’tmay, Filippin rahbari Beninyo Akino Misr xalqini g’alaba bilan qutladi.

Uning onasi, Korason Akino, 1986 yili Ferdinand Markos rejimini qulatgan xalq inqilobiga yetakchilik qilgan.

O’sha yilning fevralida minglab filippinliklar poytaxt Manilada namoyish qilar ekan, mamlakatni 20 yil boshqargan Ferdinand Markos oilasi bilan Qo’shma Shtatlarga qochadi. Filippin inqilobi Janubiy Koreya, Tayvan, Tayland va Indoneziyada demokratik o’zgarishlarga turtki bergan.

Biroq tarixdan saboq shuki, diktatorni ag’darish hali demokratik o’zgarish degani emas.

Siyosatshunos Stiven Rud Filippinda inqilobdan keyingi yillarni serg’alva deb tasvirlaydi.

“Ferdinand Markos hukmronligi davrida katta kuchga ega bo’lgan harbiylar va yangi rahbarlar orasida raqobat avjiga chiqadi. Diktatorning safdoshlari, siyosiy elita nufuz va imtiyozlarni boy bergisi yo’q edi”.

Misrda boshqaruv Husni Muborak ketganidan so’ng qurolli kuchlar zimmasiga o’tdi. Umid shuki, harbiy rejim nari borsa olti oy yoki saylovlargacha davom etadi.

Shu o’rinda, dunyodagi eng yirik musulmon jamiyati, Indoneziya tajribasini qiyos qilish mumkin.

1998 yili mamlakatning 30 yillik rahbari Suxarto kutilmaganda iste’fo berganida, usiz mamlakat mazhablar-aro zo’ravonlik va parokandalikka yuz tutadi deb bashorat qilingan edi. Aksi bo’lib chiqdi.

"Suxartoni ketkazishda muhim rol o’ynagan Indoneziya qurolli kuchlari sekin-asta isloh qilindi”, - deydi olim Leonard Sebastian.

“Bunda xalqaro hamjamiyat, xususan Qo’shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqining bosimi ham ish bergan”.

Yana bir muhim faktor – “bizning ishimiz siyosat emas, mamlakat mudofaasi”, degan qarashni olg’a surgan islohotchi offitserlar maydonga chiqqanidir. Susilo Bambang Yudxoyono, Indoneziyaning amaldagi prezidenti ham, o’shalar safida edi.

“Demokratiyani targ’ib qilishda Nahdlatul Ulamo va Muhammadiya singari millionlab a’zoga ega musulmon tashkilotlar ham yetakchi rol o’ynagan”, - deydi olim.

“Mo’tadillik va bag’rigenglikni shior qilib, harbiylar vakolatini cheklashga va saylovlarni tezlashtirishga chaqirgan ular”.

Misrda “Musulmon Birodarlar” harakati o’tish davrida qanday rol o’ynashi hozircha mavhum. Biroq guruh bu davlat siyosiy sahnasida katta kuchga va millionlab tarafdorga ega ekani haqiqat.

Shuni ham unutmaslik kerakki, Indoneziya va Filippinda demokratik tuzumlar korrupsiya va qashshoqlik kabi illatlar bilan hamon kurashib kelmoqda.

Ikki davlatni qiyoslaganda, aksar tahlilchilar Indoneziyani barqaror demokratiya deb biladi. 1998 yildan beri uch marotaba erkin saylovlar o’tkazilgan. Terrorizm va diniy ziddiyatlar muammoligicha qolmoqda, ammo iqtisodiyoti mustahkam.

Filippinda esa 2001 yili yana bir prezident korrupsiyada ayblanib, hokimiyatdan ketdi. 2003 yili harbiy to’ntarish. 2004 yilda keng tanqid qilingan prezident saylovlari. Iqtisodiyoti ham oqsamoqda.

“Bular hammasi shundan dalolatki, xalq kutgan ijobiy o’zgarishlar bir kechada ro’y bermaydi”, - deydi Stiven Rud.

Sobiq diktatorlarga xizmat qilgan elita yangi zamon va talablarga moslashish qobiliyatga ega.

Deylik, Ferdinand Markos boshqaruvi davrida davlat xazinasidan qancha pul o’marilganini hozirgacha hech kim aniq ayta olmaydi. Ammo uning oila a’zolari, jumladan rafiqasi va farzandlari Filippin siyosatida tanilgan shaxslar.

Suxarto 2008 yilda vafot etgan. Uning oilasi Indoneziyada yirik biznes imperiyaga egalik qiladi. “Golkar” partiyasi ham siyosatda katta kuch.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG