Osiyoda ijtimoiy tarmoqlar ustidan nazorat kuchaymoqda

  • Amerika Ovozi

Xitoy hukumati internetdagi ijtimoiy tarmoqlar orqali bildiriladigan muxolif siyosiy qarashlarga qattiq bosim o’tkazishi yaxshi ma’lum. Bu masalada Janubi-sharqiy Osiyoning boshqa ayrim davlatlari ham Pekin yo’lidan borayotgan ko’rinadi.
Tailand va Vyetnam kabi mamlakatlarda hukumat fuqarolarning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirayotgani haqida ma’lumotlar bor. Bu internet foydalanuvchilari orasida xavotirlarning oshishiga sabab bo’lmoqda.

Tailandda 15 million “Facebook” foydalanuvchisi bor. Bu aholining qariyb beshdan birini tashkil etadi. Vyetnamliklarning esa 40 foizi internetdan foydalanadi.

Smartfonlarning ko’payishi bilan internetga kiruvchilar soni ham oshib bormoqda. Vyetnamda “Facebook” va “Zing Me” ijtimoiy saytlarining har biri 12 million a’zoga ega.

Ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar faollashib borayotgan bir paytda hukumatlar ularni nazorat qilish yo’llarini ham kengaytirmoqda. Jurnalistlarni himoya qilish qo’matisining Janubi-sharqiy Osiyo bo’yicha vakili Shaun Krispinning aytishicha, bu borada ko’plab davlatlar Xitoydan o’rnak olmoqda.

“Janubi-sharqiy Osiyo davlatlarining aksariyati, jumladan, Vyetnam, Tailand va Malayziya internetdagi erkinlikni bo’g’ishda va ijtimoiy tarmoqlarni nazorat qilishda Xitoy qo’llagan usul va vositalardan foydalanmoqda”, - deydi kuzatuvchi.

Bloggerlik faoliyatida “Pepsi” nomi bilan taniqli tailandlik jurnalist Sermsuk Kasitipradit yaqinda “Facebook”ka qo’ygan yozuvlari uchun tazyiqqa uchradi. Jurnalistning aytishicha, hukumat unga nisbatan 2007-yilda qabul qilingan Kompyuter jinoyatlari qonunini qo’llagan.

“Bu ijtimoiy tarmoqlardan foydalanayotgan odamlarni cho’chitishga qaratilgan bir harakat. Ilgari Tailandda hech bunaqasi bo’lmagan”, - deydi u.

Xavfsizlik organlarining ogohlantirishicha, “Facebook” kabi tarmoqlarda jinoyat hisoblanuvchi muxolif qarashlarni ma’qullagan, ularni qo’llab-quvvatlab munosabat bildirgan foydalanuvchilar ham jinoyatchiga sherik deb topilishi mumkin. Jurnalist Sermsuk bunday talqinga keskin qarshi.

“Bu ahmoqlikdan boshqa narsa emas. Bunga yo’l qo’yib bo’lmaydi, chunki ijtimoiy tarmoqlar, hatto siyosiy mavzuda bo’lsa ham, odamlar erkin fikr bildiradigan joy bo’lishi kerak”, - deydi u.

Vyetnamda yaqinda qabul qilingan 71-Farmon ham tanqidlarga sabab bo’lmoqda. Unga ko’ra, xabarlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylash mumkin emas. Qonun, shuningdek, “Google”, “Facebook” va “Yahoo” kabi xalqaro internet kompaniyalarining mamlakat ichkarisida o’z serverlariga ega bo’lishini talab etadi.

Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi vakili Krispinning ta’kidlashicha, qonun ijtimoiy tarmoqlarni faqat shaxsiy fikrlar chop etiladigan tor maydon sifatida ta’riflagan. Bu mashhur “Facebook” va “Twitter” kabi saytlarning Vyetnamda bloklanishiga sabab bo’lishi mumkin, deydi u.

“Tadqiqotimizning ko’rsatishicha, ayrim hukumat agentliklari “Facebook” va “Google” kabi saytlarning mahalliy tildagi muqobillarini yaratmoqda. Agar xalqaro tarmoqlarga blok qo’yilsa, ularning o’rnini mana shu mahalliy xizmatlar egallaydi, degan umid bor. Tabiiyki, hukumat tomonidan yo’lga qo’yilgan bu saytlarda foydalanuvchilarni nazorat qilish ham oson bo’ladi. Bu ketishda xalqaro texnologiya kompaniyalari va Vyetnam hukumati o’rtasida kelishmovchiliklar kelib chiqishi turgan gap”, - deydi Krispin.

Bir partiyali siyosiy tizimga ega Vyetnamda shu yilning o’zida hukumatga qarshi faoliyat yuritganlikda ayblanib o’nlab bloggerlar qamoqqa tashlangan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG