Kerri: Shimoliy Koreya yadro dasturini tugatishi lozim

  • Amerika Ovozi

Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, AQSh, Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya Shimoliy Koreya yadro dasturini tugatishi lozim, degan fikrda yakdil. Kerri bugun Bruneyda Xitoy Tashqi ishlar vaziri Vang Yi bilan gaplashgan.

Ikki rasmiy nazarida region tom ma’noda tinch va barqaror bo’lishi uchun Shimoliy Koreya xalqaro hamjamiyat talablariga ko’nishi va yadro qurolidan qutulishi lozim.

“Shunda Shimoliy va Janubiy Koreya aloqalari, qo’shnilar va G’arb bilan rishtalar rivojlanadi, yangi imkoniyatlar paydo bo’ladi”, - deydi Amerika rasmiysi.

Pxenyan yaqinda o’z yadroviy dasturi borasida xalqaro muzokaralarga qaytish istagini bildirgan edi. Mamlakat jahon hamjamiyati bilan dialogni 2008-yilda tark etgan, ungacha murosa evaziga energiya va oziq-ovqat yordami bilan ta’minlab kelinayotgan edi.

Jon Kerri bugun, shuningdek, Yaponiya va Janubiy Koreya tashqi ishlar vazirlari bilan ham gaplashib oldi. Ma’murlar Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasining ikki kunlik yig’ini doirasida uchrashayapti. Kerri region davlatlarini Janubiy Osiyo dengizi borasidagi bahsni bosiqlik bilan hal qilishga undadi. Tabiiy zaxiralarga boy, dengiz qatnovi uchun muhim bu manzil o’rtada talash.

Filippin Tashqi ishlar vaziri Albert del Rozario kecha Xitoyni dengizda harbiy patrul sonini oshirganlikda va baliqchilik uchun imkoniyatlarni tortib olayotganlikda ayblab chiqdi.

Jon Kerri ertaga Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovuto’g’li va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashib, Suriyadagi ahvolni muhokama qiladi. Lavrov bilan muloqot paytida Moskvaning Edvard Snoudenni AQShga ekstraditsiya qilmaslik qarori ham tilga olinishi kutilmoqda. Kompyuter bo’yicha mutaxassis, Milliy xavfsizlik agentligi xodimi Snouden AQSh maxfiy kuzatuv dasturi haqida matbuotni boxabar qilib, xorijga chiqib ketgan. Amerika hukumati Snoudenni josuslikda ayblamoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG