Osiyolik nomzod ilk bor Nyu-York kengashiga saylanishi mumkin

  • Amerika Ovozi

8-noyabr kuni AQShda nafaqat yangi prezident saylanadi, balki shahar va shtat kengashlariga ham saylovlar bo’lib o’tadi. Nyu-York shtati qonunchilik kengashiga ilk bor osiyolik amerikalik saylanishi mumkin. Yu Lin Nyu Manxetten rayonidan vakil bo’lmoqchi.

Tayvanda tug’ilgan bu ayol Demokratik partiyadan nomzod. Nyu-Yorkning xitoylar yashovchi Chaynataun dahasi va Uoll Strit moliyaviy markazi Manxettenga kiradi.

Rayonning oldingi vakili korrupsiyada ayblanib, 12 yilga qamalgan edi. Yu Lin Nyu g’alaba qilishiga ishonadi.

“Ayrim toifa vakillari hukumatga yaqinlasha olmasdi. Shuning uchun ularga hukumatda vakillikni ta’minlash juda muhim bo’ldi”, - deydi nomzod.

Rayon aholisining 42 foizini Osiyodan chiqqanlar tashkil etadi, biroq shu paytgacha shahar kengashida ulardan vakil bo’lmagan.

“Shtat aholisining 10 foizidan ko’pini osiyoliklar tashkil etsa-da, kengashda ularning soni yarim foizdan kam. Tobora ko’proq osiyolik amerikaliklar o’z nomzodlarini saylovda qo’yib, davlat ishlariga kirishi kerak”, - deydi Yu Lin Nyu.

Amerikaga yoshligida kelgan Nyu boshqa bolalar uni mazax qilmasligi uchun xitoycha ovqatini tashlab yuborganini eslaydi. Uning saylov dasturi muhojirlar huquqlarini yaxshilashga qaratilgan.

“Odamlar muhojirlarning hammasiga birday qaraydi, ammo har xilmiz, ehtiyojlarimiz ham, muammolarimiz ham har xil. Buni hisobga olish juda muhim”, - deydi nomzod.

Nyuning aytishicha, ko’p odamlar hukumat aholiga taklif etayotgan dasturlar haqida ma’lumotga ega emas. Saylansam, deydi u, saylovchilarga xizmat qilishga tayyorman.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG