Amerika matbuotida osiyoliklar hanuz ozchilik

  • Amerika Ovozi

Gollivudda osiyoliklar obrazlarini ba’zida oqlar ijro etayotgani bahs-munozaralarga sabab bo’lib keladi. Ommaviy axborot vositalari va kino sanoatiga ozchilik elatlar nega kam yollanadi? Matbuot-televideniyeda ham ahvol shu va bu elatlar fikri inobatsiz qolmoqda.

Telekanallarni tomosha qilar ekansiz, kechki dasturlarda ko’p ham osiyolik boshlovchilarni ko’rmaysiz. Holbuki, Amerikada eng tez o’sayotgan jamoa shu.

Juju Chang Amerika televideniyesida band osiyolik sanoqli boshlovchilardan. Rahbarlar orasida osiyoliklar kam ekanida gap, deydi u.

“Ey-Bi-Si telekanalida ish boshlaganimda yagona osiyolik, sanoqli ayollardan edim. Oradan ancha yil o’tdi. Bugun kamera oldida har xil elat vakillarini ko’proq ko’ra boshladik. Lekin sahna ortida, ayniqsa, rahbar lavozimlarda ular hanuz ozchilik”, - deydi Chang.

Changning aytishicha, qaysi xabar efirga ketishini hal qilishda ozchilik elatlar fikri inobatga olinishi muhim.

“Osiyolik mutaxassislar ko’payib, ta’sir kuchimiz oshmas ekan, shikoyat qilishdan, nolishdan foyda yo’q”, - deydi Chang.

Osiyoliklar elektron ommaviy axborot vositalarida faqat uch foiz atrofida. Jurnalistika professori Enji Chuang eski qarashlardan qutulish lozim, deydi.

“Haqiqat shuki, odam psixologiyasi shunday ishlaydi. Biz o’zimizga o’xshagan odamlarni ko’proq ishga yollaymiz, ularga ko’proq xayrixohmiz”, - deydi Chuang.

Genderdagi farq yana bir muammo. Telejurnalist Alan Vang buni shunday izohlaydi.

“Osiyolik ayollar haqida gap ketganida ularni yumshoqtabiat, malohatli, birovga ozor bermaydigan deya tasvirlashadi. Osiyolik erkaklarni tasavvur qilishsa, odatda Amerikada dushman qiyofasi gavdalanadi. O’tgan urushlarning asorati bu”, - deydi Vang.

Tahlilchilarning aytishicha, qora tanli va ispanzabonlardan farqli osiyolik jamoa siyosiy jihatdan faol emas.

Qo’shma Shtatlarda osiyolik jurnalistlarning uyushmasi bor. Assotsiatsiya matbuotda ozchilik elatlar vakillari soni oshishi uchun harakat qilib keladi. Guruh vitse-prezidenti Niala Budxu:

“Bugun bu mavzu ko’tarilayotgani katta gap. Bir necha yil oldin xatto og’iz ochmas edik. Muhokama boshlangani taraqqiyotdan darak beradi. Lekin qilinadigan ishlar hali ko’p”.

Izlanishlarga ko’ra, 2011-yil osiyolik jurnalistlar uchun eng omadli yil kelgan. Lekin hanuz ular jami mutaxassislarning uch yarim foizini tashkil etadi. Oradan bir necha yil o’tib, bugun osiyolik muxbirlar soni yana kamaygan. Bu esa ozchilik jamoalar uchun dolzarb muammolar yoritilmay qoladi yoki tushunilmaydi, degan xavotirni kuchaytirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG