Breaking News

BMT qo'mitasi: Qirg’iziston hukumati Azimjon Asqarovni ozod etishi kerak


Azimjon Asqarov bir umr qamoq jazosiga mahkum etilgan
Azimjon Asqarov bir umr qamoq jazosiga mahkum etilgan

BMT Inson huquqlari qo’mitasi Qirg’iziston hukumatini umrbod qamoq jazosini o’tayotgan siyosiy faol va jurnalist Azimjon Asqarovni zudlik bilan ozod etishga chaqirdi.

Qo’mitaning bildirishicha, u qamoqxonada g’ayriinsoniy sharoitda saqlanmoqda, qiynoqqa solinmoqda, zulm ko’rmoqda. Asqarovga sudda himoyaga tayyorgarlik ko’rishga imkon berilmagan.

Qo’mita Azimjon Asqarovning Qirg’iziston hukumati ustidan shikoyatini ko’rib chiqmoqda.

Inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullangan faol 2010-yil iyunidagi etnik to’qnashuvlar paytida o’zi yashovchi Bozor-Qo’rg’onda militsiya va qamoqxona xodimlari tomonidan yo’lga qo’yilgan huquqbuzarliklarni qayd etib borgan. U etnik adovat qo’zg’atish, ijtimoiy tartibni buzishga da’vat etish, militsiya xodimining o’limiga aloqadorlik ayblovlari bilan umrbod qamoq jazosiga mahkum etildi.

Inson huquqlari bobidagi 18 nafar xalqaro va mustaqil ekspertdan tuzilgan qo’mitaning bildirishicha, Qirg’iziston hukumati Asqarovning ishida Xalqaro fuqarolik va siyosiy huquqlari konvensiyasining bir necha moddasini buzgan (7-modda, 9-moddaning 1-bandi, 10-moddaning 1-bandi, 14-moddaning 3-b va 3-ye bandlarini), Asqarovning qiynoqqa solingani haqidagi da’volar o’z vaqtida va samarali tergov qilinmagan va 2013-yilda o’tkazilgan noxolis tergovda militsiya xodimlari, prokurorlar va sud xizmatchilari ko’rsatmalari olingan, ammo Asqarovning advokatlari, uni qamoqqa borib ko’rgan inson huquqlari himoyachilari, qarindoshlari bilan suhbat o’tkazilmagan.

Asqarov jiddiy kasal bo’lgan paytlarda unga tegishli tibbiy yordam ko’rsatilmagani ham qayd etiladi.

Qo’mitaga ko’ra, Asqarov suddagi himoyasi uchun tayyorgarlik ko’rish maqsadida o’z advokati bilan yuzma-yuz ko’risha olmaganini, 2010-yilda nobud bo’lgan militsionerning oila a’zolari bir necha bor Asqarov advokatiga hujum qilganini, ammo militsiya va prokuratura chora ko’rmaganini ham da’vo qiladi.

BMT Inson huquqlari qo’mitasi hukumatdan Asqarovni zudlik bilan ozod etishni va, kerak bo’lsa, sud jarayonini barcha huquq normalarini inobatga olgan holda yangidan o’tkazishni talab qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG