Suriya prezidenti G'arbni terrorchilarni qo'llab-quvvatlayotganlikda aybladi

  • Amerika Ovozi

Suriya Prezidenti Bashar Assad

Suriya Prezidenti Bashar Assad

Suriya Prezidenti Bashar Assad Rossiya matbuotiga bergan intervyusida G'arb davlatlarini Suriya mojarosi boshidan beri terrorchilarni qo'llab-quvvatlab, qochqinlarning paydo bo'lishida aybladi.

Assadga ko'ra, G'arb Suriyadagi voqealarning asl sababini inkor etgan holda rasmiy Damashqqa qarshi tashviqotni kuchaytirdi.

"Bu tashviqot qancha ko'p bo'lsa, qochqinlar ham shuncha ko'payadi. Mojaroga chek qo'yish uchun uning asl sabablari bilan shug'ullanish kerak, ya'ni terrorchilarga madadni to'xtatish zarur", - dedi Assad.

Qo'shma Shtatlar Assad hokimiyatdan ketsa, Suriya mojarosi hal bo'ladi, deya hukumatga qarshi kurashayotgan mo'tadil kuchlarni tayyorgarlikdan o'tkazib keladi. Biroq ham hukumatga, ham muxolifatga qarshi yangi guruh bosh ko'targanidan beri isyonchilarning vazifasi qiyinlashgan.

Suriya va AQSh "Islomiy davlat"ni o'ziga tahdid deb bilsa-da, unga qarshi kurashda hamkorlik qilmaydi.

"Qo'shma Shtatlar biz bilan hamkorlik qilsa, hukumatimizni, "Islomiy davlat"ga qarshi samarali kurashayotganimizni tan olganday bo'ladi. Bu Amerika ma'muriyatining ojizligidan dalolat", - deydi Assad.

Unga ko'ra, AQSh yetakchiligidagi koalitsiya jangarilarni 2500 dan ziyod havodan nishonga olganiga qaramay, "Islomiy davlat" hududlarni egallashda davom etmoqda.

"Koalitsiyaning qo'lidan hech narsa kelmayapti. Vaziyat o'zgargani yo'q", - deydi u.

Bashar Assad uni hokimiyatdan olishga intilayotgan kuchlarni "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda birlashishga chaqirdi.

"Suriyada terrorizm yengilmas ekan, kelisha olmaymiz", - dedi u.

Assadning aytishicha, mamlakatda prezidentni xalq saylaydi va ishdan ham uni xalq oladi. AQSh, BMT Xavfsizlik Kengashi, Jeneva konferensiyasi emas, dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG