Assad Moskvaga bordi, Turkiya uning vaqtincha hokimiyatda qolishiga qarshimas

  • Amerika Ovozi

Suriya va Rossiya prezidentlari Kremlda uchrashmoqda, Moskva, 20-oktabr, 2015-yil

Suriya va Rossiya prezidentlari Kremlda uchrashmoqda, Moskva, 20-oktabr, 2015-yil

Suriya rahbari Bashar Assad kecha Moskvada bo'lib, Prezident Vladimir Putin bilan uchrashdi. Tomonlar Rossiyaning Suriyada uch haftadan beri davom etayotgan havo hujumlari xususida gaplashgan.

Assad 2011-yildan beri xorijga chiqmagan. U Putinga harbiy yordam uchun minnatdorchilik bildirib, busiz terrorizm boshqa joylarga ham tarqalishi mumkinligini aytdi.

Turkiya Bosh vaziri Ahmat Dovuto'g'lining kinoya bilan aytishicha, Assad Moskvada qolsa, Suriya xalqi yengil tortardi.

Turkiya Assadning ashaddiy tanqidchisi bo'lib, uning hokimiyatdan ketishini talab qilib kelayotgan edi, biroq hafta boshida Anqara Assadning qisqa vaqtga hokimiyatda qolishiga rozi berdi.

Rossiyaning pozitsiyasi shuki, Suriyada markaziy hukumatni kuchaytirib, avval "Islomiy davlat"ni mag'lub etish lozim, so'ng mamlakatdagi siyosiy kuchlar bilan Suriya kelajagi haqida gaplashsa bo'ladi.

Dovuto'g'liga ko'ra, Assad siyosiy o'tish davrida olti oy hokimiyatda qolishi mumkin.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov juma kuni Venada AQSh Davlat kotibi Jon Kerri hamda Turkiya va Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirlari bilan shu haqda muloqot qiladi.

Bu o'rtada AQSh va Rossiya Suriya osmonida harbiy samolyotlari xavfsizligini ta'minlashga kelishib oldi va tegishli hujjatga imzo chekdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG