Bahaybat teleskop Oyda sham yoqilsa ham ko'ra oladi

  • Amerika Ovozi

AQSh Fazo tadqiqotlari agentligida yangi Jeyms Vebb teleskopini yasash va sinovdan o’tkazish ishlari oxiriga yetay deb qoldi. Apparat 2018-yilda ishga tushadi. Amerika boshchiligidagi xalqaro konsorsium esa insoniyat tarixidagi eng yirik teleskopni qurish bilan band.

Bizga samodagi ajib manzaralarni yetkazgan “Xabbl” teleskopining oynasi atigi 4,5 kvadrat metrni tashkil etadi.

Jeyms Vebb teleskopining asosiy oynagi “Xabbl”nikidan olti karra katta. Demak, yanada tiniqroq suratlar oladi.

Ammo hajmi jihatdan Magellan teleskopiga yetadigani yo’q. Chilining Atakama cho’lida qurilayotgan bu apparat oynasi taxminan 368 kvadrat metr.

Infraqizil va boshqa diapazondagi nurlanishlarni kuzatib, ikkala yangi teleskop bir-birini to’ldiradi, deydi Magellan loyihasi rahbari Patrik Makkarti.

“Yulduzlar atrofidagi sayyoralar, galaktikalar qa’ridagi qora o’ralar va Ulkan portlashdan so’ng vujudga kelgan ilk somon yo’llarini atroflicha o’rganish imkonini beradi bizga”.

1,200 tonnali teleskop vibratsiya va tebranishlardan xoli bo’lishi uchun yupqagina moy qatlami ustida o’rnatiladi. Komponentlari yerga tegmaydi hisob. O’nlab kamera va spektrograflari kelayotgan nurni analiz qilib, atom va molekula alomatlarini izlaydi. Milliardlab kilometr masofadan kelayotgan xira nurni ilg’ash oson emas.

“Yorug’likning har bir elementar zarrasi, foton yetib kelishi uchun 15-20 daqiqa vaqt ketadi. Yuzlab fotonlar yig’ib olinsagina, aniq signal paydo bo’ladi. Buning uchun sabr-toqat kerak”, - deydi Makkarti.

Yangi teleskoplar shunchalik sezgir bo’ladiki, agar oyda birov sham yoqsa ham uni ko’ra oladi.

“Eng muhimi - kutilmagan hodisalar, yangi kashfiyotlar, javobsiz jumboqlar. Astronomiya shunisi bilan o’ziga tortadi. Yangi vositalar ishga solinganda yoshlar albatta uning bir aybini topadi, uni takomillashtiradi”, - deydi Makkarti.

Bir milliard dollarlik loyihani AQSh, Avstraliya, Braziliya, Janubiy Koreya va Chili birgalikda yuritmoqda. Teleskop 2026-yilda to’liq ishga tushadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG