Nadejda Atayeva: O'zbek fermerlari huquqlari qog’ozda bor, xolos


O'zbek dehqonlari

O'zbek dehqonlari

O’zbekistonlik inson huquqlari faoli Nadejda Atayeva Vashingtondagi Jorjtaun universitetida uyushtirilgan anjumanda O’zbekistonda fermerlar huquqlari haqida ma’ruza qildi.

Uning aytishicha, fermerlar qog’ozda mustaqil hisoblansa-da, aslida ularning faoliyati hukumat nazorati ostida.

O’zbekistonda 2000-yildan beri fermer xo’jaliklari xususiy hisoblanadi, ammo ularning huquqlari keskin cheklangan, deydi Parijda asoslangan Markaziy Osiyo inson huquqlari uyushmasi rahbari Nadejda Atayeva.

"Dehqonlar mustaqil ravishda ekin uchun yerni tanlay olmaydi, nima yetishtirishini davlat buyuradi, ta’minotchi va xaridor bilan bevosita ishlay olmaydi, mahsulot narxi va hajmini belgilay olmaydi", - deydi huquq faoli.

Nadejda Atayeva deydiki, o’zbekistonlik fermerlar davlat buyurtmasiga qarab ishlashga majbur. Paxta va bug’doy ikki asosiy buyurtma. Fermerlar davlat rejasini bajarishi lozim, aks holda viloyat hokimlari ishdan olinishi mumkin. Ular esa o’z navbatida hosilni rejaga ko’ra topshirish uchun fermerlarga bosim qo’yadi.

"Fermerlar paxtani davlatga arzon narxda sotishga majbur. Natijada dehqonlarning biri ikki bo’lmaydi, qishloq xo’jaligi texnikasini yangilashga, ishchilar mehnati uchun yetarlicha haq to’lashga pul ortib qolmaydi", - deydi faol.

Atayevaga ko’ra, paxtaning tannarxini tushirish uchun davlat xizmatchilari, talabalar, o’quvchilar majburiy mehnatga tortiladi.

"O’zbekistonda majburiy mehnatdan himoya qiluvchi qonunlar bor, ammo ularning ijrosi oqsaydi. Davlat paxta terimini qattiq nazoratga olgan. Maktab direktorlari, kasalxona boshliqlari va byudjet muassasalari rahbarlari viloyat prokuraturasi xodimlari ishtirokida o’tadigan majlislarda hokimga hisobot beradilar", - deydi Nadejda Atayeva.

O’tgan yili paxta terimida qatnashgan odamlarga ish haqi to’lash uchun hukumat so’mda 300 million dollar pul ajratgan.

Biroq shundan transport, oziq-ovqat, turar-joy uchun paxtakorlardan pul undirilib, ayrimlari hatto qarzdor ham qilindi.

"Jahon banki majburiy mehnat, bolalar mehnati aralashgan loyihalar uchun kredit bermasligi kerak. Biroq O’zbekistondagi vaziyatga doir xulosa va bahoni Jahon banki uchun hukumat yollagan mutaxassislar tayyorlaydi. Ular esa O’zbekiston hukumati bilan hamkorlikni davom ettirish maqsadida ishga noxolis yondashib, mamlakatda bolalar mehnatidan foydalanilmaydi deya xulosa qiladi", - deydi Nadejda Atayeva.

Ekspertga ko’ra, o’tgan yili Jahon banki rahbariyati O’zbekistondagi ahvolni baholashda noxolislikka yo’l qo’yilganini tan oldi, ammo shunga qaramay, loyihaga qarshilik ko’rsatmadi.

Bu bilan Jahon banki o’z siyosatiga qarshi ish tutyapti, deydi Nadejda Atayeva.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG