Atlantada iqtisodiy tengsizlikka qarshi kurash

  • Amerika Ovozi

AQShning Atlanta shahrida mahalliy hukumat va saxovatpesha insonlar hamkorlikda kambag’al oilalarga ko’tarilishda yordam bermoqda.

"20 yil oldin bu mahalla eng notinch va qashshoq edi, bugun namunali mahallalardan biriga aylangan”, - deydi “Ist Leyk” jamg’armasi prezidenti Daniyel Shoy.

Kam daromadli oilalarni qashshoqlikdan chiqarish, iqtisodiy tengsizlikka qarshi kurash doirasida 150 million dollarlik dastur ishga tushdi.

"Iqtisodiy tengsizlik bir muammo, yana biri – ijtimoiy adolatning yo’qligi. Agar odamlarning ishlab, hayotini yaxshilash uchun imkoniyatlar bo’lmasa, farzandlari uchun sharoit yaratish mumkin bo’lmasa, Amerikada demokratiya poydevori xavf ostida deyavering”, - deydi mahalla vakili Kerol Noton.

“Ist Leyk” mahallasida 2100 ta kam va o’rta daromadli amerikaliklar yashaydi. Boyroq mahallalar yonida uchraydigan banklar va savdo markazlari ham endi bor shu atrofda.

Yoshlarga yaxshi ta’lim beruvchi dasturlar ish boshlagan. Bu dasturlar oliy o’quv yurtlariga kirishda, maoshi yaxshi ishlarga joylashishda yordam beradi. 20 yil oldin to’rt kishidan iborat oila yiliga bazo’r 4500 dollar ishlab topardi. Hozir bundaylarning o’rtacha yillik daromadi 20 ming dollar atrofida.

"20 yil avval shu atrofda yashaganlarning atigi 14 foizi ishlardi. Hozir esa 100 foiz odam ish bilan ta’minlangan. Oilalarning yillik daromadi keskin o’sdi”, - deydi Daniyel Shoy.

Mishel Kempbell va uning oilasi “Ist Leyk”ka 2013-yilda ko’chib kelgan. Mishel jamoaning o’zida ish topdi, ilk uyini sotib olish uchun pul jamg’armoqda.

"Dastur odamlarga mustaqil bo’lishga yordam beradi. Ular ishlash sharti bilan shu yerda yashaydi. Haftada 30 yoki undan ko’p soat ishlashlari lozim. Maqsad dastur yordamida bu odamlarga uy xarid qilishga, moliyaviy ahvolini yaxshilashga ko’maklashish”, - deydi bu ayol.

Mahalla qo’mitasi a’zolariga ko’ra, loyiha muvaffaqiyati boshqa joylarda ham kambag’allikka barham berishga umid bag’ishlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG