Atlantika Kengashi: Obama ma'muriyati Markaziy Osiyoda faolroq harakat qilishi kerak


Vashingtonda nima ko’p, siyosiy tahlil markazlari. AQSh tashqi siyosati ortida turgan kuchli maskanlardan biri Atlantika Kengashi (Atlantic Council) deb atalib, unga 1961 yilda, kapitalizm va kommunizm orasida mafkuraviy urush avjiga chiqayotgan bir paytda asos solingan.

Atlantika Kengashi “g’oya, ta’sir va samara” degan shior ostida faoliyat yuritadigan institut.

AQSh davlat xavfsizligi uchun mas’ul Jeyms Jouns prezident Barak Obamaning maslahatchisiga aylanishidan oldin mana shu markazni boshqargan. Bu davlatning BMTdagi elchisi Syuzan Rays va Afg’oniston bo’yicha maxsus vakil Richard Xolbruk ham Atlantika Kengashidan chiqqan.

Hozirda unga Demokratik partiyaning yetakchi a’zolaridan biri, sobiq senator Chak Xeygel (Chuck Hagel) raislik qiladi.

“Markaziy Osiyo va bu mintaqadagi har bir mamlakat Atlantika okeanining har ikki tomoni uchun juda muhim va siyosatimizni aniqlashtirmasak bo’lmaydi”, - deydi Chak Xeygel kengashda so’zlar ekan.

“Energetika, geosiyosatdan tashqari, bu mintaqa nafaqat tahdid balki imkoniyat maydoni hamdir”,- deya tahlil qiladi Xeygel.

Tahdid shundaki, region Afg’oniston, Eron, Xitoy va Rossiya bilan o’ralgan. Imkoniyat shundaki, Markaziy Osiyo tabiiy jihatdan boy bo’libgina qolmay, g’arb va sharqni ulaydigan ko’prik.

Amerika mintaqa bilan aloqalarda asosiy diqqatni afg’on urushiga qaratmoqda. Buning hayron bo’ladigan yeri yo’q, deydi Atlantika Kengashining yana bir ko’zga ko’ringan vakili, Fred Kemp (Kempe), “lekin bu yerdagi mamlakatlarning har biri bilan alohida va regional hamkorlikni oshirmasak, uzoq muddatda ko’p narsani boy beramiz”.

“Markaziy Osiyo strategik jihatdan katta ahamiyat kasb etishini bilamiz, ammo nega aniq bir reja asosida harakat qilmayapmiz”? - deya so’raydi Fred Kemp.

AQSh Davlat departamenti va Mudofaa vazirligida Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bilan bir bo’lim shug’ullansa, Oq Uy Davlat Xavfsizlik Kengashida mintaqaga Yevrosiyoning bir qismi sifatida qaraladi.

Diplomatlar va harbiylar Markaziy Osiyo davlatlarini janub bilan ko’proq bog’lash kerak desa, Oq Uyda AQSh-Rossiya aloqalarini mustahkamlash uchun ter to’kayotgan rasmiylar region bilan Kreml pozitsiyasidan kelib chiqqan holda gaplashish kerak deb hisoblaydi.

Fred Kemp fikricha, 1990-yillarda Amerika mintaqada har sohada faol siyosat olib borgan. Tabiiy zaxiralardan tortib, demokratiya targ’ibotigacha; ta’limdan tortib, qishloq xo’jaligini rivojlantirishgacha. Bugungi harakatlar, uning nazarida, asosan qog’ozda.

“Bugun Amerika rasmiylari regionga faqat ishi tushganida boradi, yo baza deymiz, yo tranzit…”,- deya tanqid qiladi Fred Kemp. “Odamlar AQSh timsolida pogoni yulduzga to’la generallarimiz va samolyotlarimizni ko’radi. Aloqalar faqat muzokaralar bilan cheklanadi. Odamlar amalda bu rishtalarning samarasini ko’rayotgani yoki sezayotgani yo’q”,- deydi u.

Atlantika Kengashi a’zolaridan Ross Vilson (Wilson) Turkiya va Ozarbayjonda elchilik qilgan. Hozirda konsultant. Yaqinda Qirg’izistonda bo’lib, janubdagi vaziyat va Bishkekdagi siyosiy manzara bilan tanishib kelgan. O’sh va Jaloloboddagi xunrezlik ko’lami, mojaro xavfini sezib turib, uning oldi olinmagani faqat qo’shnilarning emas, Amerika hukumatining ham ko’zini ochishi kerak, deydi u.

“To’g’ri, Amerika dunyoning hamma muammolari bilan bir paytda shug’ullana olmaydi, barcha jumboqlarni yechish qiyin, lekin hamkorlik istagan, ammo oyoqqa turishga qiynalayotgan xalqlarga yordam berish – burchimiz axir”,- deydi Ross Vilson.

Lekin qanday qilib? Amerika rasmiylariga maslahat beradiganlar ko’p, ammo haqiqat shuki, Vashington Markaziy Osiyoda dollardan boshqa ta’sir kuchiga ega emas.

Afg’oniston bobida yordam so’rasa, hukumatlar haq va sarmoya so’rayapti, qolaversa, texnologiya yoki qurol-aslaha. Diplomatlar va mutasaddilar deydiki, Obama ma’muriyati aniq reja asosida ish tutmoqda, ya’ni o’zaro manfaatlardan kelib chiqqan holda hamkorlik qilayapti.

Xavfsizlikni ta’minlash, ektremizmga qarshi kurash birinchi o’rindagi masala va bu borada hukumatlar bilan, masalan, O’zbekiston bilan til topishish mumkin.

Lekin AQSh tashqi siyosatining ikkinchi va uchinchi yo’nalishlari – iqtisodiy taraqqiyotga ko’maklashish, huquq, erkinlik va demokratiya targ’iboti ancha sust.

Ross Vilson, sobiq elchi sifatida, murosa qilmasdan iloj yo’qligini tan oladi, biroq Amerika o’z xolis maqsadlari haqida mintaqa rahbarlariga ochiq aytishdan tortinmasligi, serqirra hamkorlikni ma’qul ko’rishini eslatib turishi kerak, toki narigi tomon Vashington faqat harbiy sheriklik yoki neft yo gaz uchun kelgan deb adashmasin. Obama ma’muriyati a’zolari esa “biz xuddi shunday qilayapmiz ” deya javob beradi.

Atlantika Kengashi vakillari Qirg’iziston janubidagi qirg’inni loqaydlik va noshud siyosat natijasi deb biladi. Lekin Bishkekda o’tirgan rahbarlar, xususan, prezident Roza Otunbayevani quvvatlamasdan iloj yo’q, deydi ular, Manas tranzit markazini boy bermaslik uchun emas, balki uning hokimiyatiga qarshi chiqish yanada qimmatga tushishi mumkinligi sabab.

Kengash nazarida janubdagi tanglikdan chiqish ko’p jihatdan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti qo’lida. Xavfsizlikni ta’minlashdan tortib, qirg’in yuzasidan tergov olib borishgacha. Bu uyushma nimaga qodirligini isbotlashi kerak, deydi Fred Kemp.

Atlantika Kengashi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotini yaqindan qo’llab-quvvatlab keladi. Uning hozirgi raisi Qozog’iston bilan iliq munosabatda.

Oktabrdagi parlament saylovlari Qirg’iziston kelajagini hal qilishi tayin, deydi amerikalik tahlilchilar. Lekin jarayonni Qozog’ston, o’zi biror marta oshkora va adolatli saylov o’tkazmagan davlat kuzatadi.

To’g’ri, deya tan oladi, Atlantika Kengashi a’zolari, ammo umid shuki raislik mas’uliyati Qozog’istonni demokratiya tomon shaxdamroq qadam tashlashga o’rgatadi.

Fikrlar bisyor, ta’sir kuchiga ega bo’lish uchun harakat ham bor, ammo samaradan hozircha darak yo’q.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG