"Osvensim" konsentratsion lageri ozod qilinganining 70 yilligi xotirlandi

  • Amerika Ovozi

Natsistlar Germaniyasining "Osvensim" konsentratsion lageridan omon qolgan 300 kishi Polshadagi tarixiy joyga yig'ilib, mudhish lagerning gaz kameralarida hamda qiynoq va xastaliklardan halok bo'lgan qurbonlarni xotirladi.

Sovet armiyasi 1945-yil 27-yanvar kuni o'lim lagerini ozod qilganda, u yerda 7000 mahbus, jumladan, 130 bola bor edi.

Germaniya kansleri Angela Merkel yahudiylarning Germaniyada tahqir, tazyiq va zo'ravonlikka uchraganini "sharmandalik" deya atadi. Aushvits lageri II Jahon urushi davrida qurilgan nemis qamoqxona-lagerlari orasida eng dahshatliligi bilan tanilgan edi. Uning ozod etilganiga 70 yil to'lishi munosabati bilan o'tkazilgan xotira tadbirida Merkel va boshqa ko'plab davlat yetakchilari ishtirok etdi.

Polshaga jo'nab ketishi oldidan Germaniya Prezidenti Yoaxim Gauk Parlament oldida so'zlab, Osvensim jinoyatlari "milliy o'zligimiz tarixiga bitilgan dog'dir", dedi.

Xotirlash marosimida, shuningdek, Polsha, Isroil va Fransiya prezidentlari, Rim papasi Frensis hamda BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun va boshqa rasmiylar qatnashdi.

Lagerdan omon chiqqan va hanuz hayot sobiq mahbuslar soni borgan sari kamayib bormoqda. Ularning eng yoshi 70 dan oshgan. Lagerda qurbon bo'lganlarni xotirlash uchun ular ham Polshaga tashrif buyurdi.

Natsistlar Germaniyasi yetakchisi Adolf Gitler "So'nggi yechim" deya atalgan reja asosida Yevropa yahudiylarini jismonan yo'q qilishni maqsad qilgan edi. Bosib olingan Polsha hududida qurilgan Osvensim qamoqxonasiga 1940-1945-yillar orasida 1,3 million odam jo'natilgan. Ularning aksariyati lagerda halok bo'lgan.

Natsistlar urush davomida Yevropada istiqomat qilgan 11 million yahudiyning 6 millionini qirib tashlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG