Avstraliya mahalliy jihodchilar soni ortayotganidan xavotirda

  • Amerika Ovozi

Melburn, Avstraliya

Melburn, Avstraliya

Avstraliya hukumati ma’lumotiga ko’ra, 150 avstraliyalik xorijdagi jihod amaliyotlarida, jumladan, Iroqdagi “Iroq va Shom islomiy davlati” jangari guruhi faoliyatida ishtirok etish uchun mamlakatni tark etgan. Musulmonlar jamiyati yetakchilarining aytishicha, yoshlarning jihodiy harakatlarga qo’shilishining oldini olish uchun olib borilayotgan targ’ibot va tashviqot ishlari o’z samarasini bermoqda.

Agar zarur targ’ibot ishlari o’z vaqtida olib borilmaganda, xorijdagi jangarilar safiga borib qo’shilayotgan avstraliyaliklar soni hukumat bergan raqamdan o’n barobar ko’p bo’lishi mumkin edi, deydi musulmonlar yetakchilari.

O’tgan oy rasmiy Kanberra “Islomiy davlat” guruhi safida jang qilayotgan ikki Avstraliya fuqarosini qamoqqa olishga buyruq berdi. Ular Suriya hukumati askarlari deya taxmin qilingan noma’lum shaxslarning kesib olingan boshini ko’tarib suratga tushgani ma’lum bo’lgach, hukumat shunday qarorga kelgan.

Qidiruvdagi shaxslardan biri Xolid Sharuf tarqatgan suratlardan birida uning yetti yashar o’g’li ham kesib olingan boshni ko’tarib turgani tasvirlangan. Sharuf ilgari Sidneydagi yadro reaktorini portlatishni rejalaganlik aybi bilan qamoqda o’tirib chiqqan.

Bu suratlar dunyoni larzaga soldi. Kanberra ekstremistlarni hibsga olishni va jazolashni osonlashtiruvchi, shuningdek, urush hududlariga safar qilayotgan avsraliyaliklardan safarlari sababini izohlab berishni talab qiluvchi yangi qonun qabul qilish harakatida.

Imomlar kengashi rahbari, professor Ibrohim Abu Muhammadning aytishicha, yoshlarni ekstremizm xavfidan asrashda musulmonlar jamiyatining o’zi zarur choralarni ko’ra oladi.

“Bu odamlarga qayta ta’lim berilishi kerak. Biz hozir shuning ustida ishlayapmiz. Ularning mafkurasini to’g’rilash bo’yicha metodlarimiz bor. Ularni davolashga harakat qilamiz. O’qituvchilarimiz shu yerda tug’ilgan, yosh, ona tilisi ingliz tili bo’lgan va shu sohaga ixtisoslashgan mutaxassislar”, - deydi Abu Muhammad.

Mahalliy ekstremizm xavfiga qarshi global chora ko’rish maqsadida AQSh va Avstraliya keyingi oy bu masalani BMT minbariga olib chiqmoqchi.

Kanberra terrorga qarshi qabul qilinayotgan yangi qonunlar musulmonlarga qarshi qaratilmaganini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG