Breaking News

O'zbek davlat telekanalida "Avakyan+4" haqida maxsus dastur ko'rsatildi


Arman fermeri Aramais Avakyan ekstremizmda, xususan "Islomiy davlat" terror guruhini quvvatlaganlikda ayblanmoqda. Uni yaqindan bilganlar esa bu g'irt safsata deydi.
Arman fermeri Aramais Avakyan ekstremizmda, xususan "Islomiy davlat" terror guruhini quvvatlaganlikda ayblanmoqda. Uni yaqindan bilganlar esa bu g'irt safsata deydi.

O‘zbekiston davlat televideniyesi Jizzaxda arman fermeri Aramais Avakyan va u bilan birga "Islomiy Davlat" jangari guruhiga aloqadorlikda ayblanib, uzoq muddatga qamalgan to‘rt shaxsni Rossiyada kamida 14 ta qotillikka mas’ul deb ko‘rilgan “GTA bandasi” deb ataluvchi guruhga bog‘ladi. "Ozodlik" masalaga yaqindan nazar tashlaydi.

12-aprel, seshanba kuni, kechqurun “Toshkent” kanali orqali namoyish etilgan "GTA yoxud o‘yinga aylangan hayot" nomli filmda 5 yildan 12 yilgacha bo‘lgan muddatlarga qamalgan jizzaxlik Aramais Avakyan, Furqat Jo‘rayev, Bektemir Umrzoqov, Dilshod Olimov va Akmal Mamatmurodov O‘zbekistonda konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darish yo‘lida “Banda GTA”ga o‘xshash xufya ekstremist tashkilot tuzishga harakat qilgani iddao qilinadi.

Rossiyaliklar orasida “GTA bandasi” deya nom chiqargan va asosan markaziy osiyoliklardan iborat ekani aytilgan guruh haqida dastlabki xabarlar Rossiya matbuotida 2014-yilda paydo bo‘lgan edi.

“GTA bandasi” deb ataluvchi guruh Moskva chekkasida “O‘zbekiston Islomiy harakati” uchun “killerlar”ni tayyorlash bilan shug‘ullangani, ularni o‘z vatanlaridagi rejimlarga qarshi kurashga tayyorlagani, maxsus instruktorlar ularni qurol bilan ishlashga o‘rgatgani haqida rus nashrlarida bosilgandi.

Filmda da’vo qilinishicha, Furqat Jo‘rayev 2014-yilda Rossiya qamog‘ida o‘tirgan paytda “GTA bandasi” a’zolari bilan uchrashgan, qamoqdan chiqqanidan so‘ng u Jizzaxga qaytib, hokimiyatni ag‘darish maqsadida diniy ekstremistik guruh tuzish harakatiga tushgan va atrofiga odam to‘play boshlagan.

“Paxtakor” tumaniga kelganidan so‘ng Furqat Jo‘rayev o‘ziga hamfikr izlay boshlaydi. Uning mo‘ljalidagilardan biri, eski tanishi, mahallada Mais laqabi bilan tanilgan Aramais Avakyan edi. Rossiyada ko‘pchilikni vahimaga solgan "GTA" to‘dasiga o‘xshab talonchilik, zo‘ravonlik, o‘g‘rilik singari qonunbuzarliklarga ixtisoslashib borayotgan Furqat Jo‘rayev va uning jinoiy sheriklari talon-taroj jarayonida foydalanish uchun qurol izlashadi. Jumladan, jinoiy guruh a’zolari 2015-yilning mart oyida Samarqandda Alisher ismli shaxsdan 1000 AQSh dollariga Makarov to‘pponchasini sotib olishadi. Bundan tashqari jinoiy guruh ixtiyorida ov miltig‘i va pnevmatik ov qurollari ham mavjud edi", - deyiladi filmda.

Ko‘rsatuvda mahbuslarning o‘zlari ham ko‘rsatma berishadi. Jumladan, Furqat Jo‘rayev Rossiya qamog‘ida diniy ekstremistik g‘oyalar ta’siriga berilganini aytadi:

- Jamol degan bola bizga da’vat qilar edi, hamma vaqt aytar edi "jihod qilish kerak, shahid bo‘lish kerak", deb. "Hammasi murtadlar, hammasini qirib tashlash kerak", der edi, - deydi filmda Jo‘rayev.

Furqat Jo‘rayev, Aramais Avakyan va ularning sheriklari fevral oyida O‘zbekiston Jinoyat kodeksining qo‘poruvchilik, o‘g‘rilik, diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish kabi moddalari bilan ayblandi.

Furqat Jo‘rayevning onasi Mahtuma Jo‘rayeva "Ozodlik" bilan suhbatda o‘g‘liga ekstremistik guruh a’zoligini bo‘yniga olishi uchun tergov izolyatorida qiynoqlarga solinganini aytdi.

- Bolalarni urishgan. Bo‘yniga qo‘yib, nima desa o‘shani aytganini takrorlab turdi u bechora bolalar, - deydi ona.

Avakyan nasroniy bo‘lishiga qaramasdan IShIDga aloqadorlikda ayblanayotgani Armaniston hukumatini ham e’tiborsiz qoldirmagan.

Armaniston Ombudsmeni o‘zbekistonlik hamkasbiga Avakyanning taqdiri borasida tashvish bildirib, xat yo‘llagan edi.

- Aramais Avakyan boshqa dinga e’tiqod qilsa, millati o‘zga bo‘lsa, jihodchi diniy ekstremistik oqimi a’zolariga nima uchun aralashib qoldi deganga o‘xshash savollar ayrimlarda paydo bo‘lishi mumkin. Dunyo miqyosida terrorchilik harakatlarini sodir etayotgan kuchlarning ham, manfur qilmshlarining ham Islom diniga mutlaqo aloqasi yo‘q. Terrorchilarni raxnamolari uchun ish bitsa bas, ular uchun barcha bir vosita, - deyiladi o‘zbek kanalida namoyish etilgan filmda.

2015-yil sentyabrida Jizzaxda hibsga olingan va "Islomiy davlat" ekstremistik guruhi a’zoligida ayblangan jizzaxlik baliqchi fermer Aramais Avakyanni ozod qilish chaqirig‘i bilan onlayn-petitsiya ham tashkil etilgandi.

Jizzaxda tazyiqlarga uchrab, qamalib chiqqan va O‘zbekistonni tark etib Kanadada siyosiy boshpana topgan jurnalist Ulug‘bek Haydarov bu petitsiyani boshlagan edi.

Filmda Ulug‘bek Haydarov ham tilga olinadi.

Unda aytilishicha, Haydarov 2014-yilda O‘zbekiston fuqaroligidan mahrum qilingan.

Ulug‘bek Haydarov "Ozodlik" bilan suhbatda O‘zbekiston davlat telekanalida namoyish etilgan filmni Milliy xavfsizlik xizmati buyurtmasi bilan qilingan "tuhmat" deya ta’rifladi.

Jizzaxlik mahkumlar haqidagi film AQShning Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh diplomati Daniel Rozenblumning Toshkentga safaridan bir necha kun o‘tib namoyish etildi.

Aramais Avakyanning xotini va onasi hamda Avakyan bilan sudlangan yana bir fuqaro Furqat Jo‘raevning yaqinlari o‘tgan hafta oxirida AQShning Toshkentdagi elchixonasida qabul qilingan edi.

Aramaisning onasi Flora Avakyan elchixonada bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida uni, kelini Shirinni hamda Furqat Jo‘rayevning onasini AQSh elchisi Pamela Spratlen hamda o‘tgan hafta O‘zbekistonga safar qilgan Rozenblum qabul qilganini "Ozodlik"ka aytgan edi.

  • 16x9 Image

    Ozodlik

    "Ozodlik" radiosi Pragada asoslangan multimedia axborot manbai. Asosiy maqsadi - axborot oqimi va inson huquqlari cheklangan jamiyatlarga, xususan Markaziy Osiyo mamlakatlariga, ishonchli informatsiya olib kirish.

XS
SM
MD
LG