Breaking News

Ayrim diplomatlar nazarida AQSh Kavkaz va Markaziy Osiyoda aniq siyosat yuritmayapti


Ozarbayjonning Los-Anjelesdagi bosh konsuli Elin Sulaymonov fikricha AQSh Markaziy Osiyo va Kavkazga nisbatan aniq, izchil va uzoq muddatli siyosatga ega bo’lishi lozim.

U ikki kun oldin “Vashington Tayms” gazetasiga bergan izohida, Qo’shma Shtatlar Yevrosiyoda tor manfaatli masalalarni ko’zlab, umumiy manzarani e’tibordan qoldirmoqda degan.

Masalan, ba’zi tahlilchilar AQShning Qirg’iziston bilan munosabatlari “Manas” aviabazasi atrofida shakllanishini ta’kidlaydi. Yoki, deydi bosh konsul, diplomatik harakatlarini Armaniston–Turkiya chegarasining ochilishiga qaratayotgan Qo’shma Shtatlar, avvalambor, ishni Ozarbayjon–Armaniston mojarosini hal etishdan boshlashi zarur.

“Biz Qo’shma Shtatlar tashqi siyosatida “Bush” yoki “Obama siyosati” emas, balki Amerika siyosati bo’lishi tarafdorimiz va shunga chaqirib kelamiz, – deydi Sulaymonov. – Ba’zi masalalarda shunday bo’lib turadi. Masalan, “Boku-Tbilisi-Jayhon” neft quvuri Klinton prezidentligi davrida olg’a surilgan bo’lib, Bush prezidentligi paytida davom ettirildi. Bu AQShning umumiy strategik loyihasi ekani ko’rinib turibdi”.

Ozarbayjon konsuli nazarida Qo’shma Shtatlar boshqa masalalarda ham shunday siyosat yuritishi lozim. Xususan, etnik, hududiy, siyosiy va jumladan, Tog’li Qorabog’ bo’yicha mojarolarni hal etishda yordam berishi kerak.

Elin Sulaymonov, Ozarbayjonning Los Anjelesdagi bosh konsuli
Elin Sulaymonov, Ozarbayjonning Los Anjelesdagi bosh konsuli

“Amerikada mintaqaga nisbatan uzoq muddatli reja bo’lishi kerak, – deydi diplomat. – Haqiqiy fuqarolik jamiyatini yaratishga qaratilgan. Men vaqtinchalik siyosiy o’zgarishlar va natijalarni nazarda tutganim yo’q”.

Uning aytishicha, AQSh tashqi siyosatining har yangi ma’muriyat yo’nalishi va siyosatiga bog’liqligi natijasida beqarorlik vujudga kelmoqda, uning hamisha o’zgaruvchanligi taranglikni keltirib chiqarmoqda.

Yana uning aytishicha, AQSh siyosatining mavhumligi, masalan, Qirg’iziston yoki Afg’onistonda turli siyosiy elementlarning raqobat qilishiga yetaklaydi. Ana shunday raqobatning fojiali oqibatiga Qirg’izistonda guvoh bo’ldik, deydi Elin Sulaymonov.

Ozarbayjon bosh konsuli nazarida Qirg’iziston janubidagi voqealarning uning mamlakatida yoritilishi fojia ko’lamiga mos bo’lmagan.

“Bu shunchaki oddiy to’qnashuv yoki hodisa emas, bu – ulkan fojia, – deydi u. – Birinchi navbatda Qirg’iziston va uning hukumati uchun, chunki xunrezlik bu respublika hududida sodir bo’ldi, demak bunga butun boshli davlat mas’uldir. Janub aholisi boshidan kechirgan dahshat Ozarbayjon matbuotida to’liq yoritildi, deb ayta olmayman".

Uning fikricha, bunga bir necha sabab bo’lishi mumkin. Axborotning kamligi, mahalliy matbuot diqqatining jahondagi boshqa masalalarga qaratilgani hamda voqealarning kutilmagan tarzda ro’y bergani asosiy sabablardan.

Ozarbayjon ikki turkiy xalq o’rtasida bunday nizo bo’lganidan chuqur afsusda, deydi Elin Sulaymonov.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG