Ilhom Aliyev yana besh yil prezidentlikda qoladi

  • Amerika Ovozi

Prezident Aliyev ovoz bermoqda. 9-oktabr, Boku.

Prezident Aliyev ovoz bermoqda. 9-oktabr, Boku.

Neftga boy Ozarbayjonda bugun prezident saylovlari bo’lib o’tdi. Kelasi besh yilga davlat rahbari lavozimida amaldagi Ilhom Aliyev qolishi kutilmoqda.

Shunday ekan, mamlakatda jiddiy siyosiy o’zgarish bo’lishiga ko’pchilikning ko’zi yetmaydi. Chunki o’tgan 32 yil davomida Ozarbayjon bir oilaning qo’lida: 2003-yildan beri mamlakat prezidenti bo’lib kelayotgan llhom Aliyev bu kursini otasi Haydar Aliyevdan meros qilib olgan.

Ilhom Aliyev 2003-yilgi saylovda 76 foiz ovoz bilan rahbarlikka kelgan edi. 2008-yilda tarafdorlari soni 87 foizga yetdi. So’nggi parlament saylovlarida ham uning vakillari qariyb barcha o’rinlarni qo’lga kiritdi.

Mustaqil jurnalist Hadicha Ismailova mamlakatdagi rejimni yangicha nom bilan ataydi.

“Demokratura – bu o’zini demokratiya qilib ko’rsatuvchi diktaturaning yangi nomi. Shu so’z Aliyevning rejimiga juda mos tushadi”, - deydi u.

Nomzodlar orasida muxolifat vakillari ham bor. Ammo ularning xalqqa bog’lanish imkoniyatlari cheklangan.

Yaqin Sharqda Arab bahori boshlanishi ketidan Ozarbayjonda ham yoshlar uyushmalari faollashib qolgan edi. Ammo politsiya zudlik bilan ularning ovozini o’chirishga tushdi. Huquq faollarining aytishicha, hozir Ozarbayjon qamoqxonalarida 142 ta siyosiy mahbus o’tiribdi.

Giorgi Gogiya mamlakatdagi inson huquqlari bo’yicha vaziyatni kuzatib boruvchi faollardan biri.

“So’z erkinligi juda cheklangan. Rahbariyatni tanqid qilish imkoniyati tor. Siyosiy muxolifatning ovozini o’chirish, hibsga olish keng tarqalgan”, - deydi u.

O’tgan oy poytaxt Bokuda minglab odamlar prezident Aliyevning iste’fosini talab qilib namoyishga chiqdi. Ammo bu ko'tarilish biror o’zgarish olib kelmadi.

O’tkazilgan ommaviy so’rovlarda aholining 85 foizi prezident Aliyevni qo’llab-quvvatlashini bildirgan. So’rov natijalarining haqqoniyligi shubha ostida bo’lsa ham, mamlakatda prezidentning sodiq tarafdorlari ko'p ekani aytiladi.

Aliyev rahbarligi davrida neft ishlab chiqarish hajmining oshishi va "qora oltin" narxlarning ko'tarilishi oqibatida Ozarbayjon iqtisodiyoti o’n baravar o’sdi.

Ammo tabiiy zaxiralar evaziga kelayotgan boylik noto’kis taqsimlanmoqda, deydi jurnalist Ismoilova. Uning aytishicha, aholi orasida mavjud rejimdan norozilar ko’p.

Bugungi saylov amaldagi prezident hokimiyatining qanchalik mustahkam ekanini tekshiradigan bir sinov vazifasini o'taydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG