Boku Olimpiadasiga siyosiy muammolar soya solmoqda

  • Amerika Ovozi

Karikaturada hukumatni tanqid qilgani uchun hozir hibsda saqlanayotgan jurnalist Xadicha Ismoilova tasvirlangan (rassom Mayk Lukovich).

Karikaturada hukumatni tanqid qilgani uchun hozir hibsda saqlanayotgan jurnalist Xadicha Ismoilova tasvirlangan (rassom Mayk Lukovich).

Kelasi oyda Yevropa sportchilari Bokuda Yevropa o’yinlari ochilishiga yig’iladi. Bu Ozarbayjon rahbariyati uchun katta yutuq bo’lsa, inson huquqlari va korrupsiyaga qarshi tashkilotlar uchun - norozilik manbai.

“Human Rights Watch” (HRW) inson huquqlari tashkiloti va Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi (CPJ) Yevropa Olimpiya qo’mitasiga murojaat qilib, Ozarbayjon hukumatidan “siyosiy sabablarga ko’ra hibsga olinganlarni, shu jumladan, jurnalistlar va inson huquqlari himoyachilarini ozod etishni hamda tanqidiy fikr bildirayotganlarga qarshi bosimni to’xtatishni” talab qiling, dedi.

“Prezident Ilhom Aliyevning Yevropa O’yinlariga tayyorgarligini yuqori baholashga tayyor Yevropa Olimpiya qo’mitasi rahbarlari Ozarbayjon hukumatining tanqidchilar ovozini o’chirishga qaratilgan harakatlari yuzasidan sukut saqlamoqda, - deydi HRW vakili Jeyn Bukenen. – O’yinlar oldidan buni aytish imkoniyati boy berilmasin, Yevropa Olimpiya qo’mitasi Olimpiada qadriyatlarini unutmay, mahbuslarning ozod etilishini talab qilsin”.

Ozarbayjonda 12 jurnalist hukumat buyrug’iga binoan hibsga olingan. Ular orasida “Ozodlik” radiosining ozariy xizmati muxbiri, mashhur jurnalist Xadicha Ismoilova ham bor.

“Yevropa Olimiya qo’mitasi Boku-2015 o’yinlari oldidan Ozarbayjonga matbuot erkinligi va inson qadr-qimmatini hurmat qilish borasida bosim ko’rsatishi kerak, - deydi Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasidan Nina Ognyanova. – Bu qadriyatlar – umumbashariy, Ozarbayjon ularga rioya qilishni o’z istagi bilan va’da qilgan”.

“Amerika Ovozi” ning ozariy xizmati bilan suhbatda Ognyanova “Yevropa Olimpiya qo’mitasi va xalqaro yetakchilar Ozarbayjondan xalqaro sahnada o’z zimmasiga olgan majburiyatlariga, xususan inson huquqlarini himoya qilish va’dalariga rioya qilishini talab qilsin”, deb aytdi.

Shu hafta boshida AQSh Davlat departamenti Ozarbayjon hukumatidan hibsdagi jurnalistlarni ozod etishni so’ragan edi.

Erkin emas

Prezident Ilhom Aliyev bu o’yinlar orqali Ozarbayjonni Yevropa mamlakatlari qatoriga qo’shmoqchi, deydi ayrim kuzatuvchilar. Ammo xalqaro tashkilotlar to’plagan ma’lumotlarga ko’ra, bu mamlakat inson huquqlari va matbuot erkinligi ma’nosida Yevropa mamlakatlari qatoridan o’rin egallay olmaydi. O’zining yaqinda chiqarilgan hisobotida “Ozodlik uyi” (Freedom House) Ozarbayjonni matbuot erkinligi bobida “erkin emas”, deya ta’riflagan.

“Ozodlik uyi” va boshqa xalqaro tashkilotlar sobiq diplomatlar bilan birgalikda AQSh Davlat kotibi Jon Kerriga maktub yo’llab, inson huquqlarini toptaganlikka aralashgan Ozarbayjon rasmiylariga viza berish amaliyotini to’xtatish va ularning bank aktivlarini muzlatib qo’yishni so’ragan.

Bosim davom etmoqda

Ayrim tahlilchilar Yevropa mamlakatlarining Ozarbayjondagi musobaqalarga o’z vakillarini yuborish haqdagi qarorini tanqid qilsa, ba’zilar boshqacha fikrda.

Shimoliy Karolina universiteti professori Klaus Larres transatlantika aloqalari va Yevropa intergratsiyasi bo’yicha mutaxassis. Inson huquqlarini hurmat qiladigan Yevropa mamlakatlarining Boku o’yinlarida qatnashishi Prezident Aliyevni to’g’ri yo’lga boshlashi mumkin, deydi u. “O’yinlardan zarar yo’q. Aksincha, foydasi bo’lishi mumkin. Hozir aytish qiyin. Ozarbayjon xalqi farosatli, bu O’yinlar va Yevropa qadriyatlari bir emas ekanini yaxshi tushunadi”, - deydi professor Larres.

Ozarbayjon hukumati O’yinlarga tayyorlanar ekan, xalqaro inson huquqlari tashkilotlari AQSh va Yevropa hukumatlariga bosimni davom ettirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG