Breaking News

O'zbek faoli Azimjon Asqarovga etnik nizo qo'zg'atish va boshqa ayblar qo'yildi


Azimjon Asqarov qamoqda qiynoqqa solinayotgani haqida aniq ma'lumotlar bor, deydi huquq himoyachisi Shuhrat G'aniyev
Azimjon Asqarov qamoqda qiynoqqa solinayotgani haqida aniq ma'lumotlar bor, deydi huquq himoyachisi Shuhrat G'aniyev

Jalol-Obod prokuraturasi “Vozdux” inson huquqlari tashkiloti rahbari, iyun oyidagi qirg’inlarga oid ma’lumot yig’ayotgan paytda qamoqqa olingan faol Azimjon Asqarovning ishi yuzasidan tergovni yakunlagan.

Unga Qirg'iziston Jinoiy Kodeksining qator moddalari bo'yicha ayblovlar qo'yilmoqda, jumladan etnik, irqiy va diniy nizo qo'zg'atish; noqoquniy tarzda o'q-dorini qo'lga kiritish va saqlash; ekstremistik ruhdagi adabiyotlarga egalik; ommaviy tartibsizliklarni gijgijlash; hamda huquq-tartibot organi xodimini o'ldirishda ishtirok etganlik.

Azimjon Asqarovning uyida o'tkazilgan tintuvda, deydi prokuratura, Makarov va Stechkin pistoletlari uchun patronlar va Hizb-ut-Tahrir haqida ma'lumot yozilgan disklar topilgan.

Azimjon Asqarov O’sh va Jalol-Oboddagi qirg’inlar paytida o’ldirilgan odamlar, zo’ravonlik qurbonlari, yoqib yuborilgan uylar haqida ma’lumot to’plagan kam sonli faollardan biri. U yaqinda Bozorqo’rg’on tumanidagi hisbxonadan Bishkek qamoqxonasiga ko’chirilgan edi.

Qozog’iston, Qirg’iziston va O’zbekiston huquq himoyachilarining mintaqaviy tarmog’i Qirg’iziston prezidenti Roza Otunbayevadan Asqarovga nisbatan qiynoqlar to’xtalishini, uning ishi yuzasidan shaffoflik ta’minlanishini talab qilib chiqqan.

Prezident va bosh prokurorga yo’llangan murojaatni boshqa ko’plab davlatlar va xalqaro miqyosdagi inson huquqlari tashkilotlari yoqlab chiqqan va bu harakatga qo’shilgan.

O’zbekistonlik huquq himoyachisi Shuhrat G’aniyevning aytishicha, murojaatdan asosiy maqsad Asqarov ishini oydinlashtirish va unga nisbatan qo’llanilayotgan qiynoqlarni to’xtatishdir.

“Birinchi ko’rsatmoqchi bo’lgan yordamimiz bu ishni fosh etish, jarayonda ochiqlikka, shaffoflikka erishish. Uni ikki oydan buyon hibsxonada saqlashadi. Oldiga biror himoyachini kirishi ham qiyin bo’ldi. Bir iloj qilib kirgan advokatning aytishicha, Asqarov badanida aniq va ravshan ko’rinib turgan qiynoq izlari juda ko’p. Avval uni tartibsizliklarda ishtirok etganlikda ayblashdi, keyinchalik esa uning bu voqealarga daxli yo’qligi aniqlandi”, - deydi Shuhrat G’aniyev.

Markaziy Osiyo huquq himoyachilari Azimjon Asqarov ishi bo’yicha o’z kengashini tuzib, unga yurist va advokatlar jalb qilingan.Roza Otunbayevaga qilingan murojaatda bu mutaxassislar Asqarov ishi bilan tanishish imkoniyatini talab qilmoqda.

O’sh va Jalol-Obod qirg’inida yuz mingdan oshiq o’zbek Qirg’izistondan qochib chiqishga majbur bo’ldi. Ular O’zbekistonda vaqtinchalik boshpana topib, 27 iyundagi referendum arafasida yana vataniga qaytdi.

Shundan keyin, deydi ular, Qirg’izistonda huquq-tartibot organlari tomonidan o’zbek aholiga nisbatan tazyiqlarning yangi to’lqini boshlandi.

Jamoatchilik nazarida qirg’iz hukumati qirg’inda o’zbeklarning o’zi aybdor deb chiqib, ularni javobgarlikka tortish harakatida. Hozirgacha 800 ga yaqin jinoiy ish ochilgan, aksariyatida o'zbeklar - ayblanuvchilar.

“Yagona bir millatda iborat bo’lgan tergov komissiyasi hech qanchon bu voqealar yuzasidan adolatli, xolis xulosa chiqarmaydi. Bu yerda xalqaro tashkilotlar ishtirok etishi kerak. Aks holda, bundan yigirma yil avval bo’lgani kabi aybning hammasi o’zbeklarga qo’yiladi. Ular yordamsiz qoladi, hech kim jazolanmaydi. O’zbeklarga nisbatan tazyiqlar hamon davom etayapti ”, - deydi mahalliy jurnalist Yoqubjon Xo’jamberdiyev.

Qirg’iz hukumati O’sh va Jalol-Obodda komendantlik soatini bekor qilgach, o’zbek aholi orasida xavotir yanada kuchaygan. Ular nafaqat qirg’iz millatchilari, balki hukumat tomonidan ham bosim o’tkazilayotganini, tinimsiz tintuvlardan to’yganini aytadi. Xavfsizlik kuchlari to’satdan bostirib kirib, xonadonlarni ag’dar-to’ntar qilayotgan, yigitlarning qo’lini bog’lab hech qanday hujjat ko’rsatmay olib ketayotgan hollar juda ko’p.

Qirg’izistonda shu yilning 10 oktabrida parlament saylovlari o’tishi e’lon qilingan.

Ta’qib va tazyiq ostida yashayotgan o’zbeklar siyosiy hayotdan chetlatilgani va hukumatga nisbatan ishonchi butunlay yo’qolgani, imkoniyat topsa Qirg’izistondan chiqib ketishga tayyor ekanini yashirmaydi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG