Breaking News

Bahraynda namoyishchilarga qaragan shifokorlar ishi qayta ko'riladi


Doktor Nada Daif "ruhiy qiynoq"qa solinganini aytmoqda
Doktor Nada Daif "ruhiy qiynoq"qa solinganini aytmoqda

Fors ko'rfazidagi orol-davlat Bahrayn harbiy sudi tomonidan 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan 20 shifokor ishi qayta ko’riladi. Xalqaro hamjamiyat bosimi ostida hukumat shunday qaror qabul qildi.

Shifokorlar shu yil boshida norozilik namoyishlari ishtirokchilariga tibbiy yordam ko’rsatganidan keyin hibsga olingan edi. Ulardan biri, doktor Nada Daif “Amerika Ovozi”ga aybiga iqror bo’lishga majburlanganini aytdi.

Sud hukmini jahon hamjamiyati, shu jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti qoralagan. Bahraynda norozilik namoyishlari bo’lib o’tdi.

Manamadagi namoyishlar qonli tus oldi
Manamadagi namoyishlar qonli tus oldi

Nada Daif - ikki go’dakning onasi.

“Bahrayndagi eng katta kasalxona – Salmoniya tibbiyot markazini egallab olish, kuch va qurol ishlatish va hatto Bahrayn hukumatini ag’darish kabi ayblar qo’yishdi menga. Aslida aybim – burchimni bajarganim. Shifokor sifatida qasam ichganman axir. Odamlarga yordam berdim. Shifokorlarning 99 foizi shialar, bizni shu sababli ta’qib qilishyapti”, - deydi Nada Daif.

Shu yilning fevral va mart oylarida hukumatga qarshi nozorilik avj olganida, doktor Daif namoyishlar o’chog’i hisoblangan joyda tibbiy yordam punkti ochgan.

Bahrayn hukumatiga yordam tariqasida qo’shni Saudiya Arabistoni mamlakatga tanklar kiritdi. O’shandan keyin shifokor va hamshiralar hibsga olindi.

“Uyimga bostirib kirishdi, ular kimligini bilmayman”, - deydi shifokor. “Oddiy kiyim kiygan, lekin qurollangan odamlar edi, hammasining yuzida niqob. Meni yotoqxonamdan tortib olib chiqishdi va hech qanday belgisi yo’q avtomashinaga solib olib ketishdi”.

Qirollik namoyishlarni kuch bilan tinchitishga urinmoqda
Qirollik namoyishlarni kuch bilan tinchitishga urinmoqda

Ayol aybiga iqror bo’lishga majbur qilinganini ta’kidlaydi. Endi esa uyida yangi sudni kutmoqda.

“Juda ko’p qog’ozlarga qo’l qo’ydim. Chunki ular meni kaltakladi, tepdi, tupurdi. Zo’rlamoqchi ham bo’lishdi”, - deydi u.

Xalqaro Amnistiya, inson huquqlari tashkiloti, vakili Said Bumadua jarayonni yaqindan kuzatib kelmoqda.

“Bu harbiy sud. Bosh sudya ham, prokuror ham harbiylar. Mudofaa vazirligi qoshidagi tribunallarda o’tayotgan sud jarayonlarining barchasi nihoyatda adolatsiz bo’ldi”, - deydi huquq faoli.

Hozirda Bahrayn bo’ylab namoyishchilar ustidan sudlar bo’lib o’tmoqda. Hafta boshida 26 faol ustidan hukm o’qildi, bari aybdor deb topildi. Noqonuniy namoyishlar tashkil etish va politsiyachilarni o’g’irlashda ayblangan fuqarolar 15 yilga, ayrimlari hatto bir umrga ozodlikdan mahrum etildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG