Bolqonlik sobiq jihodchi: Suriyaga borish hayotimdagi eng katta xato bo'ldi

  • Amerika Ovozi

Bolqon yarimorolining Kosovo o'lkasi Serbiya bilan 1998-yilgi urushda g'alaba qozongan bo'lishi mumkin, ammo bugun u yangi bir urushga tortilgan. Yuzlab kosovoliklar Suriyada Bashar Assad rejimiga qarshi kurashmoqda yoki "Islomiy davlat" guruhi safiga qo'shilgan. Suriyadagi vaziyatdan ko'ngli qolib ortga qaytganlar ham bor. "Amerika Ovozi" bilan suhbatda ular Suriyaga borish hayotdagi eng katta xato bo'lganini aytadi.

Bu Bolqondan Suriyaga yoshlarni chorlashga qaratilgan navbatdagi video.

Suriyadagi jihodga qo'shilsangiz, hayotingizdagi muammolardan qutilasiz, deyiladi da'vatda.

Al-Qoidaning sobiq a'zosi Ayman Din hozir radikalizmga qarshi kurashmoqda.

"Ayrim videolar sarguzashtlarga qiziqadigan odamlarga mo'ljallangan. Janglar, dushman qarorgohlarining egallanishi kabi shon-shuhratga burkangan harakatlar aks etgan", - deydi u.

Suriyaga borib kelganlar bu gaplar havoyi ekanini aytadi. Kosovoning Prishtina shahrida Amir ismli yigit bilan suhbatda bo'ldik. U Suriyaga borib, Prezident Assadga qarshi kurashayotgan jangari guruhlardan biri safida jang qilgan.

"Diniy sabab borligini inkor qilmayman,lekin asosiy omil insoniylik edi. Sizga ochiq aytaman, musulmon bo'lmaganlarning Assadga qarshi kurashishiga qarshi emasman. Zulmni ko'rganda unga qarshi nimadir qilish kerak", - deydi u.

Kosovo aholisining yarmidan ko'pi 25 yoshdan kichik. Yoshlar orasida ishsizlik yuqori, bu esa IShID kabi guruhlar uchun odam yollashda qo'l kelmoqda. 200 dan ortiq kosovolik Suriyaga ketgan, deydi xavfsizlik bo'yicha tadqiqotchi Skender Perteshi.

"Kosovoliklar Suriyadagi mojaroga qo'shilishining yana bir sababi mamlakatda ta'lim tizimining yo'qligidir. Kosovo va butun mintaqada ta'lim tizimi juda xarob ahvolda, professionalizm yo'q", - deydi Perteshi.

Amirning holati esa boshqacha. U yaxshi ta'lim olgan. Shu boismi, uning Suriyadan ko'ngli tez qoldi.

"Insoniy va uyushgan bir harakatni ko'raman, deb o'ylagan edim. Aksincha, turli muxolif guruhlar bir-biri bilan olishib yotibdi. Diktator Assaddan ko'ra o'zaro kurashishga ko'proq vaqt sarflashadi. Shuning uchun bu bema'ni ishlarning bir qismi bo'lishni istamadim", - deydi u.

Amir vataniga qaytgach, hibsga olindi. Unga terrorchi tashkilotga qo'shilganlik aybi qo'yildi.

"Menga Yevropa davlatlariga uch yilgacha safar qilish taqiqlangan. Pasportim politsiyaning qo'lida. Ta'lim olish bo'yicha ham ko'p imkoniyatlarni boy berdim. Shu ishni deb uch marta grant berishmadi", - deydi u.

Oradan sal o'tmay u qo'shilgan guruh yetakchisi boshqa bir muxolif to'da tomonidan o'ldirildi. Unga nisbatan ham o'lim tahdidlari bo'ldi. Huquqiy muammolari tufayli u ish ham topa olmayapti.

"U yerga borishni o'ylayotgan odamlarga bu ish diniy jihatdan ham noma'qul deyman. Faqat musulmonlarga zarar keltirasiz. Uyingizdan ketmang. Oilangizga, vataningizga yordam bering", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG