Bolqon davlatlarida radikallashuv kuchaymoqda

  • Amerika Ovozi

Diniy radikallashuvga yetaklovchi sabablar ko’p. Ular davlatdan davlatga yoki shaxsdan shaxsga farq qilsa-da, barcha joyga va insonlarga xos umumiy omillar ham mavjud. Jamiyatdan ajrab qolish, ish va pul topish imkoniyatining yo’qligi ana shunday sabablardan.

Yevropa Fransiya va Belgiyadagi xurujlardan qattiq aziyat chekdi. G’arbiy Bolqondagi musulmon davlatlar ham ektremizm kuchayayotganidan xavotirda.

Adrian Shtuni Bolqondagi radikallashuv jarayonini o’rganadi. Uning aytishicha, bu hududdan Iroq va Suriyaga jang qilish uchun ketayotganlar ko’paygan.

“U yerga ketayotganlar yoki tengdoshlari tomonidan radikallashgan odamlar ko’p. Do’stlari, aka-ukalari yoki boshqa shunday shaxslar ularga ta’sir ko’rsatadi”, - deydi tahlilchi.

2011-yildan beri G’arbiy Bolqondan 1000 tacha odam jangari guruhlarga qo’shilgan.

Muammoning iqtisodiy va ijtimoiy sabablari ham bor, deydi USAID rasmiysi Tomas Melia.

Ayrim jamiyatlarda esa sabablar boshqa bo’lishi mumkin, deydi u.

“Chetdan kelayotgan ba’zi ta’sirlar odamlarni yo’ldan adashtirib, radikallashtirmoqda va natijada islomning haddidan oshgan talqiniga ergashishmoqda. Albaniya, Kosova va Bosniyaning ayrim hududlarida shunga guvoh bo’ldik”, - deydi Melia.

“Nyu-York Tayms” gazetasida yozilishicha, bir paytlar tolerant bo’lgan Kosova jamiyati Saudiya Arabistoni mablag’i oqib kelishi ortidan “jihodchilar va ekstremistlar yetishtiriladigan maydon”ga aylanib qolgan. Bu Saudiya Arabistonining rasmiy mazhabi bo’lgan vahhobiylik ta’siri ekani aytiladi.

Mintaqa davlatlari ekstremizmga qarshi kurashni kuchaytirmoqda. Ammo jamiyat tashqi ta’sirlarga hanuz moyil, deydi Shtuni.

“Tan olish kerak, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy vaziyat yaxshi emas. Shunday ekan, radikallashishga olib boradigan sharoit tug’iladi”, - deydi u.

Bu sharoitni o’zgartirish uchun, deydi Melia, iqtisodiyot yaxshilanishi va fuqarolarga ko’proq imkoniyatlar berilishi kerak. Korrupsiyani yo’qotish ham muhim ahamiyatga ega, deydi rasmiy.

“Keng miqyosli maqsadimizda shunga e’tibor berilgan. Ayni paytda buning ahamiyati oshib bormoqda”, - deydi Melia.

Yevropaning migrantlar inqirozi masalani yanada chigallashtirdi. G’arbiy Yevropaga qochoqlar, asosan, Bolqon orqali o’tadi. Bu esa Bolqon davlatlari uchun yangi muammolarni tug’dirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG