Bolqon mintaqasida radikalizm va Rossiya ta'siri kuchaymoqda

  • Amerika Ovozi

Makedoniya poytaxti Skopyeda namoz vaqti.

Makedoniya poytaxti Skopyeda namoz vaqti.

Oq uyga ko’ra, ekstremizm va Rossiyaning Ukrainadagi bosqinchilik harakatlari - AQSh milliy xavfsizligi bobidagi eng jiddiy muammolardan. Bu tahdidlar dolzarblashayotgan mintaqa – Bolqon. Mintaqa mamlakatlari siyosiy beqarorlik, etnik guruhlar o’rtasidagi ziddiyatlar, og’ir iqtisodiy ahvol kabi muammolarga yuz tutmoqda.

G’arbiy Bolqon mamlakatlari aholisining aksariyati musulmonlar, azaldan Rossiya bilan chuqur diniy aloqalarga ega bo’lgan. Bu esa ular Rossiya ta’siriga tushishi mumkinligini anglatadi. Shuningdek, radikal islomchilar ham bu o’lkalarda faol. AQSh sobiq elchisi Frenk Visner Bolqon mintaqasida bu ikki tarafning ta’siri sezilarli, deydi.

“Mintaqaning qudratli davlatlar raqobati markaziga aylanmasligi juda muhim. Ikkinchidan, Yaqin Sharq muammolari bu mintaqaga tarqalmasligi kerak. Bu ma’noda G’arbiy Yevropa va AQSh razvedka xizmatlari Bolqon davlatlaridagi hamkasblari bilan birgalikda Shom va Yaqin Sharqdan bu mintaqaga kirib kelayotgan yoki chiqib ketayotgan barcha qo’poruvchi elementlarning iziga tushishi kerak”, - deydi sobiq diplomat.

Albaniya, Bosniya va Kosovo kabi mamlakatlarda fuqarolarning xorijiy jangarilar safiga qo’shilishini taqiqlovchi qonunlar qabul qilindi, radikal guruhlar a’zolari hibsga olindi. Biroq AQSh Mudofaa vazirligi sobiq rasmiysi Yan Bjezinski qo’poruvchilik harakatlarini to’xtatish ko’p yillar davom etadi, deydi.

“Vaqt o’tgan sari bu vazifa tobora dolzarblashib boraveradi”, - deydi u.

AQSh razvedka xizmatiga ko’ra, 2011-yilda Suriyada mojaro boshlanganidan buyon urushga 20 ming xorijiy jangari borib qo’shildi. Ularning kamida 3400 nafari – g’arbliklar, 1000 dan ziyod odam Bolqon mamlakatlaridan, deydi mintaqa rasmiylari.

Bolqon G’arb va Rossiya o’rtasida tortishuvli masalaga aylanmoqda. AQSh Davlat kotibi Jon Kerri yaqinda Senat qo’mitasi a’zolariga shu haqda aytib o’tdi.

“Serbiya bo’ladimi, Kosovo, Chernogoriya, Makedoniya yoki boshqa joymi, ularning bari front chizig’ida”, - dedi Kerri.

Rossiya Serbiya bilan an’anaviy aloqalaridan foydalanib, Bolqonda ta’sirini saqlab qolish va hatto kengaytirishga urinmoqda.

Serbiya import qilinadigan gazning 82 foizini Rossiyadan sotib oladi. Kreml Turkiya, Gretsiya, Makedoniya va Serbiya orqali o’tuvchi yangi gaz quvurini qurishni rejalamoqda.

“Rossiya Sovet Ittifoqi davrida qurilgan va hozirgacha mintaqani Rossiyaga qaram qilib turgan infratuzilmadan iqtisodiy foyda ko’ryapti,” - deydi tahlilchi Yan Bjezinski.

Sobiq elchi Visner fikricha, bu ta’sirga qarshilik ko’rsatish uchun Serbiya va Kosovoni Yevropa Ittifoqiga qabul qilish kerak. Gretsiya va Makedoniya esa mavjud kelishmovchiliklarni hal qilishi zarur.

“Agar mu masalalar hal qilinsa, Rossiya uchun taraflarni bir-biriga qarshi gijgijlash imkoni qolmaydi. Bolqon mintaqasida tinchlik va birdamlikni o’rnatish va saqlab turish osonlashadi”, - deydi Visner.

Tahlilchilar fikricha, Kreml Bolqonda zaif davlat tizimlari, chuqur ildiz otgan korrupsiya va iqtisodiy qiyinchiliklardan o‘z manfaatlarida foydalanmoqda. Bunga chek qo’yish uchun G’arb kattaroq yordam ajratishi va bu mamlakatlarni Yevropa Ittifoqiga qabul qilishi lozim, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG