Saylov oldidan Balujistonda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan

  • Amerika Ovozi

Pokistonning Balujiston viloyati

Pokistonning Balujiston viloyati

Pokistonning Balujiston viloyati bo’lginchi, etnik, qabilaviy va siyosiy mojarolar gidrobiga tushgan. Yaqinda “Amerika Ovozi” muxbiri Sheron Ben viloyat ma’muriy markaziy Kvetta shahriga safar qilib, u yerdagi xalq hayoti va vaziyat bilan tanishdi. Uning xabar berishicha, mamlakat ertaga bo’ladigan parlament saylovlariga tayyorgarlik ko’rar ekan, viloyat xavfsizligi to’la ta’minlanmagan.

So’nggi oylarda Balujiston bomba xurujlari, granata hujumlari, otishmalar, nomzodlarga qarshi do’q-po’pisalarni boshdan kechirdi. Natijada saylovoldi kampaniya paytida kutilganidan kamroq siyosiy namoyishlar o’tkazildi.

Eng qonli xuruj yanvar oyida sodir etildi. O’shanda 85 kishi o’lgan edi. Saylovchilar xavfsizligini ta’minlash uchun viloyat bo’ylab politsiyachilar soni oshirilgan.

Hazora demokratik partiyasi raisi Abdul Holiq Hazora parlamentga saylanayotgan nomzodlardan biri. Yanvar xurujida halok bo’lishiga sal qolgan edi. Har kuni do’q-po’pisalar eshitamiz, deydi u.

"Vaziyat juda mavhum. Saylov kampaniyasini terror soyasi ostida olib borishga majburmiz", - deydi u.

70 mingga yaqin politsiyachi va harbiylar viloyat bo’ylab safarbar etilgani bilan ahvol hali ham tarang, Yevropa Ittifoqi kuzatuvchilarining xavfsizligi kafolatlanmagan.

Nomzodlar, saylovchilar va kuzatuvchilarni himoya qilishga tayyormiz, deydi Kvetta politsiya boshqarmasi rahbari Mir Zubayr Mahmud.

"Muammolar bor, ammo saylovlarning erkin va tartibli o’tishini ta’minlashga harakat qilamiz", - deydi u.

Va’dalarga qaramay, xavotirlar yo’qolmagan.

Viloyat bosh kotibi Bobur Yoqub Fotih Muhammadning aytishicha, 2008-yilda o’tgan so’nggi saylovlarda saylovchilarning atigi 30 foizi ovoz bergan.

"Bu gal o’tgan safargiday bo’lsa ham yomon bo’lmasdi", - deydi rasmiy.

Balujiston millatchilari o’tgan saylovlarni boykot qilgan, biroq markaziy hukumatga kirish uchun bu safar kampaniyada faol ishtirok etmoqda. Biroq endi ularni bo’lginchi jangarilar nishonga olmoqda.

Separatist guruhlar saylovlarni boykot qilib, saylovchilarga do’q-po’pisaga to’la sms-xabarlar va xatlar tarqatmoqda.

Naymatulla Gichki balujlar manfaatini himoya qiluvchi Milliy partiya a’zosi. Uning aytishicha, odamlar vahimada, ammo saylovga chiqish kerak.

"Muhimi natija emas. Oz miqdorda bo’lsa ham, parlamentga kirib olsak bo’lgani", - deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG