Bangladesh fojiasida o’lganlar soni 350 dan oshdi

  • Amerika Ovozi

Bangladeshda uch kun ilgari qulagan fabrikaning egalari va binoni xavfsiz deb ma’qullagan muhandislar hibsga olindi.

“New Wave Apparels” kompaniyasi Ijrochi direktori Bazlus Samad va rahbari Mahmudur Rahmon sakkiz qavatli bino darz ketgan bo’lsa ham ishchilarni majburlab ishlatganlikda ayblanmoqda.

Fabrika qulashi oqibatida o’lganlar soni 350 dan oshdi. Qutqaruvchilar bugun yana 30 kishini, payshanbadan beri esa 2400 odamni vayronalar ichidan chiqarib olgan. Qidiruv ishlari davom etayapti.

Bangladesh politsiyasi ma’lumotiga ko’ra, fojiadan bir necha kun oldin inspektorlar binoni tekshirgan, ta’mirtalab ekanini qayd etib, odamlarni evakuatsiya qilishni buyurib ketgan.

Ammo korxona boshqaruvchisi va direktori ogohlantirishlarga ko’z yumgan. Inshoot qulaganida uning ichida uch mingdan ziyod odam ishlayotgani taxmin qilinadi.

O’tgan ikki kunda Bangladesh poytaxti Dakada to’qimachilik sanoati ishchilari namoyishga chiqib, politsiya bilan to’qnashdi. Korxona-zavodlarda xavfsizlik qoidalari hech qanday talabga javob bermaydi, deydi ular.

Fojiada ayrimlar buyurtmachilarni, arzon mahsulot talab qiladigan Yevropa va AQSh kompaniyalarini ham ayblamoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG