Bangladesh yengil sanoatida xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda

  • Amerika Ovozi

O’tgan yili Bangladeshda tikuvchilik fabrikasi binosi qulashi natijasida 1100 dan ortiq ishchi halok bo’lgan edi. Oradan bir yil o’tib, dunyoning ikkinchi eng to'qimachilik sanoatiga ega davlatda ish joylarida xavfsizlikni ta’minlash bo’yicha qator ijobiy o’zgarishlar ko’zga tashlanmoqda. Ammo bino qulashi oqibatida halok bo’lgan ko’plab odamlarning oila a’zolari hanuz tovon puli olmagan. Ish joyidan ajraganlar esa haligacha ishsiz yurgani aytilmoqda. Rizvon Salim 15 yildan beri tekstil bilan shug’ullanadi. Ammo uning shirkati joylashgan bino xalqaro tekshiruvchilar tomonidan ishlash uchun xavfli deb topilgach, biznesini ko’chirishga majbur bo’ldi

“Boshqa ilojim yo’q edi, ko’chirdim. Bino qayta ta’mirdan chiqarilishi kerak ekan. Buni kim qiladi? Buning xarajatini kim ko’taradi? Hozir shu masalani hal qilyapmiz”, - deydi u.

O’tgan yili sakkiz qavatli Rana Plaza binosining qulashi oqibatida yuzlab ishchilar halok bo’lgach, Bangladeshda faoliyat olib boruvchi ko’plab xalqaro tekstil kompaniyalariga nisbatan bosim oshdi. Natijada aksariyati Yevropadan bo’lgan 150 kompaniya Bangladesh uchun bino va yong’in xavfsizligi bitimini qabul qildi. Rizvonning korxonasi ham ana shu hujjat talablariga javob bermagani uchun yopildi.

Shu kungacha 1500 binodan 300 tasi tekshiruvdan o’tkazildi. Sentabr oyigacha barcha shirkatlarning to’liq nazoratdan o’tishi rejalashtirilgan. Hozircha sakkizta bino xavfsizlik talablariga javob bermagani uchun qisman yoki to’liq yopilgan.

Amerika va Kanadaning 20 kompaniyasini o’z ichiga oluvchi yana bir guruh ham xavfsizlik bo’yicha o’z talablarini ishlab chiqdi. Tashabbus rahbari Rob Ueysning aytishicha, bir necha korxonaning yopilishi xavfsizlikka qo’yilgan talablar samara berayotganidan dalolat. Ammo shirkatlar egalari talablar yuzasidan qarshilik bildirdi, deydi u.

“Bu afsuslanarli hol bo’lsa ham, shirkatlarning yopilayotgani ishimizda siljish borligini ko’rsatadi. Albatta, bunday o’zgartirishlar tekinga kelmaydi. Shuning uchun harakatlarimizga qarshililik ham bo’lyapti”, - deydi Ueys.

Ayrim shirkat egalari binolarni ta’mirlash va ularni xavfsizlik talablariga javob beradigan holatga keltirish ko’p mablag’ talab qilishini va bu natijada Bangladesh yengil sanoatining jahon bozoridagi raqobatbardoshligiga putur yetkazishi mumkinligini aytadi.

O’tgan yilgi falokat ortidan ko’plab xalqaro kompaniyalar Bangladeshni tark etishi mumkinligi haqida xavotirlar yuzaga chiqqan edi. Aksincha, bu yil ham mamlakat sanoati barqaror o’sishda davom etdi. Huquq faollari esa biznes egalarini ishchilar xavfsizligi haqida ko’proq qayg’urishga chaqirmoqda.

Hukumat ham o’z navbatida xavfsizlik choralarini kuchaytirishga harakat qilmoqda. Eng kam oylik maosh 36 dollardan 68 dollarga oshirildi, ishchilarga kasaba uyushmalari tuzish huquqini beruvchi yangi qonun qabul qilindi.

Xavfsizlik bo’yicha vaziyat yaxshilanayotganiga qaramay, o’sha mash’um kunda yaqinlarini boy bergan ko’plab bangladeshliklarning ahvoliga yetarli e’tibor berilmayapti.

Qurbonlarning 2200 dan ortiq oila a’zolari orasida so’rov o’tkazgan nodavlat yordam guruhi rahbarlaridan biri Amanur Rahmonning aytishicha, vayron bo’lgan shirkatning ko’plab sobiq xodimlari hanuz ishsiz. Davlat yoki xayriya tashkilotlari tomonidan berilgan bir necha yuz dollarni ular allaqachon sarflab bo’lgan va hozir oziq-ovqat hamda turar-joy uchun jiddiy yordamga muhtoj.

Rahmonning aytishicha, falokatdan aziyat chekkanlar orasida jismoniy va ruhiy azoblardan qiynalayotganlar bor.

“Ko’plari yopiq joylarda ishlashdan qo’rqib qolgan. Ayrimlari uyqusizlikdan qiynalyapti. Shovqindan qo’rqadiganlari ham bor. Ana shunday qiyinchiliklar bois ularning oddiy hayot tarziga qaytishi oson bo’lmayapti”, - deydi u.

Faollar Rana Plaza falokatidan olingan eng katta saboq sifatida Bangladeshning 4 million kishilik sanoatida ijobiy o’zgarishlar yuz berishiga umid qilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG