Breaking News

Rossiya bosimi ostida Qirg'iziston AQShni "Manas"dan chiqarish ehtimoli bor


Amerika matbuotiga ko'ra, Rossiya Qirg'iziston janubida bo'layotgan voqealardan foydalanib, muvaqqat hukumatdan AQSh kuchlarini chiqarib yuborishni talab qilishi mumkin.

"Vashington Tayms" gazetasiga ko'ra, Rossiya orqavorotdan Qirg'iziston muvaqqat hukumatiga bosim o'tkazib, AQSh kuchlarini Afg'onistondagi operatsiyalar uchun ijaraga olingan "Manas" aviabazasidan chiqartirmoqchi. AQSh hukumati sobiq rasmiylaridan birining gazetaga bildirishicha, kecha Rossiyaning Qirg'izistondagi maxsus vakili Vladimir Rushaylo Bishkekda muvaqqat hukumat a'zolari bilan uchrashgan.

"Rasmiy Bishkekka hozir pul kerak va o'tmishda aynan moliyaviy sabablar bois baza yopilishiga oz qolgan. Hozir Markaziy Osiyoda kuchlar muvozanati AQSh manfaatlariga qarshi o'zgarishi mumkin," deydi rasmiy "Vashington Tayms"ga.

Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin 8 iyun kuni Istanbuldagi mintaqaviy xavfsizlik anjumanida "Manas" bazasi AQSh qo'lida qolish-qolmasligini rasmiy Bishkek hal qilishi kerak, degan edi.

Baza Qo'shma Shtatlar uchun Afg'onistonda jangarilarga qarshi kurashda muhim inshoot, koalitsiya samolyotlari uchun yoqilg'i markazlaridan hisoblanadi. Havo va yer transportlari bazada har oy taxminan 50 million litr yonilg'i bilan ta'minlanadi.

AQShning yana bir gazetasi - "Nyu-York Tayms" ham Qirg'iziston haqida katta maqola chop etib, "Manas" bazasini alohida tilga olgan. Unga ko'ra, Qirg'izistonda joylashgan Rossiyaga aloqador nufuzli Internet sahifalaridan biri hafta so'nggidagi maqolasi bilan muvaqqat rahbar Roza Otunbayevani ortiq qo'llab-quvvatlamasligini bildirgan. Maqolada aytilishicha, agar Otunbayeva barqarorlikni ta'minlay olmasa, boshqa siyosatchilar tashabbusni qo'lga olib, tinchlikparvar kuchlarning Qirg'izistonga kirishini kafolatlashi lozim. Masalan, sobiq bosh vazir Feliks Kulov yangi guruh tuzib, ko'pchilikni unga jalb qilmoqda.

"Vashington Post" gazetasi AQSh rasmiylaridan biri bilan suhbatda Qo'shma Shtatlar tinchlikparvar kuchlar yuborish rejasidan uzoq ekanini yozadi. Ammo, deydi rasmiy, Amerika gumanitar yordam berishga va mojaroni hal etish uchun vositachilar yuborishga tayyor. Harbiy kuchga ehtiyoj tug'ilgan taqdirda bu ish xalqaro hamjamiyat bilan kelishilgan holda qilinishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG