Hillari va Tramp eng muhim shtatlarda kurash olib bormoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh prezidentligi uchun saylov kuni yaqinlashar ekan, demokrat Hillari Klinton va respublikachi Donald Tramp bor e'tiborini kim yutishi noma'lum bo'lgan shtatlarga qaratmoqda. AQShda davlat rahbari elektoratlar soniga qarab saylanadi. Ya'ni har bir shtatga aholi soniga qarab ma'lum miqdorda elektoratlar soni ajratilgan. Shtatda ko'pchilik ovozni olgan nomzodga shu shtatdagi barcha ovozlar olib beriladi.

Saylovga bir necha kun qolar ekan, Hillari Klinton va Donald Tramp sanoqli shtatlarni aylanib yuribdi. Tramp ko'proq Ogayo va Nyu-Gempshirda, Klinton esa Florida va Nevadada.

Uzoq yillardan beri ko'plab shtatlarning qaysi partiyaga ovoz berishini oldindan aniqlash mumkin. Shu bois nomzodlar ularga ko'p e'tibor bermaydi, deydi tahlilchi Stefan Veyn.

"Ko'plab shtatlarda bir partiyaning qo'li ancha baland va bu yerda ko'p xarajat sarflashdan foyda yo'q", - deydi u.

Jeremi Meyerga ko'ra, hozir nomzodlar eng ko'p e'tibor qaratayotgan o'ndan ortiq shtat bor.

"Zamonaviy prezidentlik saylovida siz faqat 12 tacha shtatda kampaniya olib borasiz. Bu ro'yxat yildan yilga o'zgarishi mumkin, lekin oxirgi uch saylovda barqaror turibdi", - deydi u.

Florida va Ogayo kabi katta shtatlar, shuningdek, Shimoliy Karolina, Nevada va Nyu-Gempshir kabi kichikroq shtatlarda, ayniqsa, kurash keskin.

1992-yil Bil Klinton g'alaba qozongandan beri ikkilanib turgan shtatlarda, odatda, demokratlar g'alaba qozonib kelmoqda, deydi tahlilchi Ostin Hart.

"Tramp Florida, Ogayo, iloji bo'lsa, Kolorado va Nevadani ham yutishi kerak. Eplolsa, Pensilvaniyaga ham e'tibor qaratishi kerak. Uning oldiga turgan vazifa murakkab", - deydi u.

Ekspert Jenifer Loles fikricha, so'nggi kunlarda nomzodlar sanoqli shtatlarda alohida saylovchilar guruhlarini nishonga olmoqda.

"Hozir mustaqil saylovchilarda gap ko'p. Aslida ularning kichikroq guruhi, ikkilangan shtatlardagi mustaqil saylovchilarda. Biz aholining juda-juda kichik qismi haqida gaplashyapmiz", - deydi kuzatuvchi.

So'rovlarga ko'ra, hozir Klinton bunday shtatlarda oldinda bormoqda. Tramp esa Ogayo, Florida va Shimoliy Karolinada jiddiy raqiblik qilishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG