O'rinboy Usmonov taqdiri, yuqorida o'tirganlar jurnalistning aybsizligini biladi


Ekstremizmni yoritgan jurnalist eksremistmi? Jurnalistdan xolislik kutsangiz, uning sizga yoqmagan odamlar bilan gaplashishiga ham chidashingiz kerak.

Ekstremizmni yoritgan jurnalist eksremistmi? Jurnalistdan xolislik kutsangiz, uning sizga yoqmagan odamlar bilan gaplashishiga ham chidashingiz kerak.

Xalqaro hamjamiyat Tojikiston hukumatini qamoqdagi jurnalist O’rinboy Usmonovni ozod etishga chaqirmoqda.

“Bi-Bi-Si” o’zbek xizmati muxbiri ektremizmda ayblanib hibsga olinganiga salkam 25 kun bo’ldi.

O’rinboy Usmonov uzoq yillardan beri “Hizb-ut-Tahrir” harakati va boshqa diniy guruhlar faoliyatini yoritib keladi, xalq hurmati va ishonchini qozongan muxbir.

Lekin Tojikiston milliy xavfsizlik xizmati uni ektremistlarni himoya qilganlikda, xavfsizlik uchun zarur ma’lumotlarni yashirganlikda ayblamoqda.

“Bi-Bi-Si” va xalqaro axborot vositalariga ishlaydigan safdosh jurnalistlar deydiki, O’rinboy Usmonov o’z vazifasini sidqidildan bajargan, axborot yig’ib, uni xolis ravishda omma e’tiboriga uzatgan.

Haqiqat shuki, xavfli mavzularni yoritish - qaltis ish. Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bugun dunyoning har bir jamiyatida nozik masala. Ekstremistlar bilan gaplashish, ularning fikrlarini keng ommaga olib chiqish – axborot tarqatishning bir qismi. Jurnalistni buning uchun ayblash, uni terrorchilarning tarafini olayotganlikda ayblash adolatdan emas.

Lekin “adolatdan emas” deydigan narigi tomon ham bor. Ular asosan xavfsizlik organlari. Bu tizimlar nazarida tinchlikni saqlash va barqarorlikni ta’minlash har bir shaxsdan, shu jumladan jurnalistdan ham, tahdid manbaini fosh etishni talab qiladi.

O'rinboy Usmonov Toshkentda ta'lim olgan. Murabbiy, jurnalist va adib hamdir.

O'rinboy Usmonov Toshkentda ta'lim olgan. Murabbiy, jurnalist va adib hamdir.

Mutaassib guruhlar bilan gaplashgan jurnalistlardan norozi tomonlarning asosiy shikoyati shuki, muxbirlar terror urug’ini sochayotgan odamlarga mikrofon tutmoqda, ya’ni matbuot yovuz kuchlarning targ’ibot vositasiga aylanmoqda.

Masalan Osama bin Laden va al-Qoida vakillarining murojaatlari “al-Jazira” telekanalida efirga berilgani uchun G’arbda bu arab tashkilotiga nisbatan adovat kuchli.

“Amerika Ovozi” Xo’jandda jamoatchilik fikrini o’rganganida biror odam O’rinboy Usmonovni mutaassib yoki bu mafkuraga biror jihatdan yaqin shaxs deb ta’riflamadi.

Lekin ayrimlar fikricha jurnalist "sharoitni tushunib", bunday odamlardan uzoqroq yurgani ma’qul edi.

Xalqaro tashkilotlar nazarida nafaqat Tojikiston balki qo’shni O’zbekistonda ham hukumat mutaassibni oddiy taqvodordan, o’z fikrini bildirishga harakat qilgan odamni jinoyatchi yoki dushmandan ajratmay qo’ygan. O’rinboy Usmonov jurnalist, ektremist emas deganlardan ham shu fikrni eshitasiz.

Kristofer Svift - xalqaro qonun va siyosat, terrorizm va jangari guruhlar bo'yicha yetakchi mutaxassis

Kristofer Svift - xalqaro qonun va siyosat, terrorizm va jangari guruhlar bo'yicha yetakchi mutaxassis

Amerikalik Kristofer Svift - Shimoliy Kavkaz, Markaziy Osiyo va Afg’onistonda jangarilar faoliyatini yaqindan kuzatib, o’rganib kelayotgan olim.

U ayni damda Tojikiston va Qirg’izistonda izlanmoqda. “Hizb-ut-Tahrir” va boshqa guruh va diniy oqimlarning a’zolari, ularga qarshi kurash olib borayotgan organlar bilan muloqot olib borayapti.

Dushanbe, Xo’jand va Isfarada eshitganlarini Kristofer Svift shunday izohlab beradi:

“Odamlar “Bi-Bi-Si” jurnalisti ekstremizm aybi bilan qamoqqa olingani haqida o’z qat’iy fikriga ega, lekin bu fikrni asoslab bera olmaydi, yetarli ma’lumotga ega emas”.

”Men Dushanbeda Tojikiston prezidentining yuqori martabali maslahatchilaridan biri bilan gaplashdim. Uning fikricha, jurnalistga nisbatan ochilgan jinoiy ish – bema’nilik. Organlar qo’lida biror arzigulik dalil-isbot yo’q va muxbir tez orada qo’yib yuborilishi kerak, dedi u. Lekin Xo’jandga kelganimda, u yerdagi rasmiylar menga buning aksini aytishdi, ya’ni jurnalist jinoyatchi, “Hizb-ut-Tahrir” bilan tili bir, shuning uchun ham axborot olishi oson bo’lgan va uning qutulib ketishi yoki ozodlikka chiqishi amri mahol. Shundan kelib chiqib, xulosa qilish mumkinki, Tojikiston rahbarining atrofidagilar va quyida o’tirganlar masala yuzasidan bir fikr yoki pozitsiyada emas. Gap bu yerda aniq ma’lumot, dalil-isbotda emas, balki og’izdan-og’izga o’tgan quruq fikrda”.

Informatsiya nodir ne’mat, deydi Kristofer Svift. Uni to’plash uchun jurnalist yoki tadqiqotchi barcha tegishli tomonlar bilan aloqaga kirishga majbur.

“Oxirgi bir yarim hafta ichida men turli davlatlarning xavfsizlik xizmatlari xodimlari va “Hizb-ut-Tahrir” a’zolari bilan gaplashdim. Hukumatdan tortib, terrorist tamg’asi qo’yilgan odamlargacha. Biror masalaning tubiga yetish uchun tegishli odamlar bilan so’zlashish kerak. Guruhlar faoliyatini o’rganish uchun uning a’zolari harakatini kuzatasiz, fikrini tinglaysiz, ularning tarafdorlari va ularga qarshi odamlar bilan gaplashasiz. Masalan Tojikiston shimolida men “Hizb-ut-Tahrir” faol ekani haqida biror isbot-dalilga ega emasman, lekin O’sh va Botkenda ular aktivroq ekani, tarafdorlari soyasida ekanini ko’rdim. Siz jurnalistmisiz, tadqiqotchi yoki xavfsizlik xizmati xodimi, axborot yig’ish qanchalik qaltis ish ekanini bilasiz”.

Jamoatchilik orasida hukumat nima desa shu deb yashash ma’qulroq degan fikr keng tarqalgan. Rasmiy ma’lumotga to’g’ri ma’lumot deb qarab, ungagina asoslanish maqsadga muvofiq, deyishadi. Bu nafaqat repressiv tuzumlar balki erkin jamiyatlarda ham ko’zga tashlanadigan holat.

Kristofer Svift AQSh Oliy sudida ko’rilgan ishlarni eslatadi.

Shaxslar va xususiy muassasalar hukumat “terrorist” deb atagan guruh yoki tashkilotlar bilan aloqa qilmasligi shart degan bahs-munozaralar kechmoqda. Amerika qatorida Britaniya va Yevropaning boshqa davlatlarida ham shunday siyosat haqida bong urishadi. Lekin Markaziy Osiyoda, bilamizki, odamlarni hech bir asossiz sudlash, jinoyatchi deb atash keng tarqalgan holat. Yaqin yurdingmi, demak, sen ham o’shalardan birisan. Bu Sovet davridan qolgan odat. Qonun ustuvorligi degan tushuncha ildiz otmagan. Mintaqani kezib shunga qayta-qayta guvohmanki, odamlar hokimiyatga so’zsiz bosh egadi. Tuzum korrupsiyaga botgan, tazyiq va cheklovlar kuchli bo’lishi mumkin, lekin fuqarolar o’sha hukumatga ishonadi, bo’ysunadi. Ayniqsa masala xavfsizlik bilan bog’liq bo’lsa”.

Olim tilga oladigan yana bir faktor shuki, ommaviy axborot vositalari - davlat organlari. Xalq uchun boshqa imkoniyatlar mavjud emas. Atrofida nima bo’layotganini ko’ra bila turib, odamlar televizorda buning aksini tomosha qiladi, hukumatdan shuni eshitadi. Toza ma’lumot yetishmagan jamiyatda hamma bir-biridan xavfsiraydi, shubhalanadi, o’zaro ishonch past.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG