Jurnalist O’rinboy Usmonov shartli ravishda ozod etildi, ammo tergov davom etmoqda

  • Amerika Ovozi

Jurnalist O’rinboy Usmonov shartli ravishda ozod etildi, ammo tergov davom etmoqda

Jurnalist O’rinboy Usmonov shartli ravishda ozod etildi, ammo tergov davom etmoqda

Tojikistonda Bi-Bi-Si (BBC) O’zbek xizmati muxbiri, “Hizb-ut-Tahrir” guruhiga a’zolik va uni targ’ib qilganlikda ayblanib, bir oy hibsda saqlangan O’rinboy Usmonov sudgacha qamoqdan ozod etildi.

Biroq Bosh prokuror Sherxon Salimzoda so’zlariga qaraganda, jurnalist ustidan tergov ishi davom etadi.

Usmonovdan "taqiqlangan guruhga a’zolik" haqidagi ayblov olib tashlangan.

Jurnalist endi “Hizb-ut-Tahrir” a’zolari bilan uchrashib, bu haqda rasmiylarga xabar bermaganlik, ya’ni ma’lumotni yashirganlikda ayblanmoqda. Buning uchun jarima to'lashi yoki ikki yil qamoq jazosi olishi mumkin.

"Bi-Bi-Si" rahbariyati 10 yillik xodimini zudlik bilan ozod etishni talab qilib, uning hech bir uyushma yoki harakatga a’zo emasligini ta’kidlab keladi.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti ta’rifi bilan aytganda, yuragi zaif Usmonovning turmaga tashlanishi nozik mavzularni yoritgan jurnalistning “tanobini tortish” va “senzura”dir.

“Prokuratura "Bi-Bi-Si" muxbiri O’rinboy Usmonovning ishini diqqat bilan tekshirib, uni sudga qadar qo’yib yuborishga ahd qilgan. Jurnalistga mamlakatni tark etish taqiqlangan”, - deydi Salimzoda.

Uning aytishicha, prezident Emomali Rahmon bu haqda xabardor qilingan.

Nyu-Yorkda asoslangan Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo’mitasi Usmonovning erkinlikka chiqqanidan mamnun va hukumatni barcha ayblovlarni bekor qilishga chaqirmoqda.

“O’rinboy Usmonov bir oydan o'tgach nihoyat oilasi bag’riga qaytganidan xursandmiz. Uning hibsga olinishi adolatsizlik edi”, - deydi qo’mita rahbari muovini Robert Maxoni.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG