Safar Bekjon: Gulnora o’zbek xalqiga tegishli pullarni qaytarsin

  • Amerika Ovozi

Safar Bekjon Gulnora Karimovaga tegishli ekani da'vo qilinayotgan uy qarshisida

Safar Bekjon Gulnora Karimovaga tegishli ekani da'vo qilinayotgan uy qarshisida

O’zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimovaning Jenevadagi uyidan BMT vakolatxonasi missiyasiga qarashli mashinalar olib chiqib ketilgan.


Ayni paytda bu uyda bir guruh o’zbekistonlik faollar yashamoqda. Ulardan biri Safar Bekjon uy kalitini Gulnora qo’lida ishlagan odamlardan olganini aytadi.

O’zbekistonlik siyosiy mujojir Gulnora Karimovaga qarashli bu uyda ayni paytda “O’zbekiston demokratik jamg’armasi” tashkiloti faoliyat boshlaganini aytadi.

Shveytsariyada yashayotgan Safar Bekjonga ko’ra, O’zbekistonning BMTdagi vakolatxonasidan kelgan xodimlar u bilan munozara qilmagan, ular faqat vakolatxonaga tegishli mashinalarni olib ketishgan xolos.

“Ularga tegishli mashina bor ekan, garajga qo’yib qo’yilgan, shularni olib ketishdi. Meni ular bilan biron aloqam yo’q. Gulnora Shveytsariyada 1 milliard dollarga yaqin pul yuvganlikda ayblanmoqda. Biz tortib olgan villani to’lovida ham shubha bor, tergov borayapti. Bizning bu yerga kelishimiz esa shu jarayonni tezlashtirish bilan bog’liq. Chunki bundan o’zbek xalqi zarar ko’rayapti. Meni ham uning shaxsiy mulkiga ko’zim uchib turgani yo’q, maqsadim o’zbek xalqiga tegishli pulni qaytarish”, - deydi Bekjon.

O’zbekistonlik faollar Gulnora Karimovaga qarashli uyni 23-dekabr kuni egallagan. “Ishg’ol” ortiqcha shovqinsiz o’tgan, uy darvozasi kalit bilan ochib kirilgan.

Safar Bekjon “Amerika ovozi” bilan suhbatda uy kalitini Gulnoraning qo’lida ishlagan odamlardan olganini aytadi.

“Men Gulnoraga o’xshab odamlardan shubha-gumon qilib, iymonimdan ajrashni istamayman. Hech kimni gumon qilmayman. U gumon qilib o’tiraversin, falonchidan olgan kalitni deb. Bu uyning kalitini menga unga ishlagan yigitlardan biri berdi. Shunday deb efirga beravering”, - deydi Safar Bekjon.

Uning aytishicha, to’rt qavatli qilib qurilgan hashamatli uy O’zbekistondan keltirilgan san’at asarlari bilan bezatilgan. Ichidagi har bir jihoz politsiya tomonidan ro’yxatga olingan.

“Bino, binoning ichidagi hamma jihozlarga politsiyaning muhri urilgan, hammasi ro’yxatda turibdi. Hozir yashayapman shu yerda, byuro ish boshladi. O’zbekiston demokratik jamg’armasi faoliyat boshladi, uning xodimlari bor”, - deydi Safar Bekjon.

Agar Gulnora Karimova bizni uydan chiqarishni istasa, deydi Bekjon, mahkamaga murojaat qilishi va mahkama jarayonida shaxsan qatnashishi kerak.

“Mablag’ O’zbekistonga qaytarilsin. Agar halol yo’l bilan topgan bo’lsa, buni isbotlasin. Biz Gulnorani kutayapmiz, kelsin, nimadan qo’rqadi, ehtimol paxta terib pul topgandir. Lekin har xil fantaziyalarga berilmasin”.

Gulnora Karimova tvitterdagi yozishmalarida Jenevadagi uyining egallanishida singlisi Lola Karimova Tillayevani, shuningdek, Milliy xavfsizlik xizmatini gumonlaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG