Breaking News

Aleksandr Lukashenko to'rtinchi bor prezidentlikka saylangan


Minskdagi namoyish paytida
Minskdagi namoyish paytida

Belarus muxolifati Lukashenkoni ovozlarni o'g'irlaganlikda ayblamoqda. Minskda ko'p sonli namoyish o'tgan. Militsiya ularni tarqatgan.

Belarusda o'tgan prezident saylovlarida amaldagi rahbar Aleksandr Lukashenko to'rtinchi bor besh yillik muddatga saylangan. G'arb jarayonni keskin tanqid qilmoqda. Muxolifat namoyishlari bostirilib, bir necha faol hibsga olingan. Saylov komissiyasi bugun e'lon qilgan hisoblarga ko'ra, Lukashenko deyarli 80 foiz ovoz to'plagan.

Belarus muxolifati Lukashenkoni ovozlarni o'g'irlaganlikda ayblamoqda. Ammo Rossiya yetakchiligidagi MDH kuzatuvchilari missiyasi jarayon qonun doirasida o'tgan, missiya rahbari Sergey Lebedev qonunbuzarliklarga duch kelmadik, demoqda.

Poytaxt Minskda muxolifatdan saylovlarda ishtirok etgan yetti nomzod tarafdorlari to'planib namoyish qilgan, biroq militsiya ularni to'qmoqlar bilan tarqatgan. Yuzlab odamlar hibsga olingan, bir necha kishi jarohat olgan.

Saylovlarni kuzatgan oz sonli muxolifatchilardan birining aytishicha, saylov uchastkalarida qutilar muhrlanmagani haqida ma'lumotlar olingan.

"Uchastkalarda ishlagan odamlarning 99 foizini hukumat tayinlagan", - deydi u.

Muxolifatdan nomzod Andrey Sannikovning jarayondan oldin Amerika Ovoziga aytishicha, ko'p odamlar o'zgarishlarni istaydi.

Ammo Lukashenko siyosatini ma'qullaganlar ham yo'q emas. Ba'zilarning aytishicha, ular uchun eng muhimi - tinchlik va Lukashenko buning uddasidan chiqdi.

Ko'zga ko'ringan siyosatchi Stanislav Shushkevich Belarusda hali beri o'zgarish bo'lmaydi, deydi.

"Eski usullar bo'yicha hali ko'p yashaymiz", - deydi u.

Saylovdan so'ng ma'ruza qilgan prezident Lukashenko muxolifat bilan uchrashish niyati yo'qligini aytib, ularni banditlar va diversantlar deb atagan.

"Tinch, barqaror va go'zal Belarusni yaratish maqsadiga mushtarak, normal muxolifat arboblar bilangina gaplashishga tayyorman", - deydi Lukashenko.

Minskdagi namoyish paytida militsiya muxolifatdan nomzod Vladimir Neklyayevni kaltaklagan. Namoyishchilar Yevropa Ittifoqi bayroqlari va demokratik shiorlar bilan ko'chalardan o'tgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG