Ozod etilgan muxolifat vakili Belarus rejimiga bosimni kuchaytirishga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

Andrey Sannikovni poytaxt Minskda tarafdorlari guldastalar bulan kutib oldi. 2012-yil 15-aprel

Andrey Sannikovni poytaxt Minskda tarafdorlari guldastalar bulan kutib oldi. 2012-yil 15-aprel

Belarus muxolifati a’zosi Andrey Sannikov o’tgan shanba ozodlikka chiqdi. 2010-yil dekabr oyida u mamlakatni 18 yildan buyon boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenko bilan prezidentlik uchun bellashgan edi. Sannikov va yana olti nomzod kaltaklanib, qamoqqa tashlandi. Nasroniylarning Pasxa bayrami arafasida qo’yib yuborilgan arbob “Amerika Ovozi”ga intervyu berdi.

Salkam bir yarim yil qamoqda o’tirganidan keyin Andrey Sannikov nihoyat rafiqasi Irina va to’rt yoshli o’g’li Danil bilan diydor ko’rishdi.

“Ajoyib. Men bu kunni shuncha kutgandim. Har kuni emas, har dam orziqib kutdim. Umid qildim. Nihoyat ozodman”.

Sannikov Belarus o’tmishda tashqi ishlar vaziri muovini edi, Nyu-Yorkda diplomat bo’lib xizmat qilgan. U Belarus qamoqlarida qolayotgan 15 siyosiy mahbus, shu jumladan, prezidentlikka nomzod taqdiridan xavotir bildirdi.

Sannikov besh yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Muddatdan oldin qo’yib yuborilgan siyosatchi Belarusda xavfsizlik xizmati qattiq nazorat qiladigan qamoqxonada o’tirish naqadar og’irligi haqida gapirdi. Bu davlat xavfsizlik tizimi hamon KGB (Комитет Государственной Безопасности) deya yuritiladi.

“Ruhiy jihatdan juda qiyin bo’ldi. Jismonan ham. Menga jiddiy bosim ko’rsatildi. Do’q-po’pisalar, qo’rqitish, bosim… To’rt oy men bir kishilik kamerada o’tirdim”.

Sannikov “Yevropeyskaya Belarus” fuqarolar tashabbusiga rahbarlik qilgan. Mamlakat G’arb, xususan, Yevropa Ittifoqiga qo’shilishga intilishi kerak, deb keladi.

Qamoqda hayoti xavf ostida edi. Va eng dahshatlisi bir qamoqdan boshqasiga jinoyatchilar bilan bir mashinada olib borilganim, deya eslaydi.

“Eng yomoni yuz berishi mumkin u yerda, chunki qo’lingizdan hech narsa kelmaydi. Zaifsiz. Yordam ham yo’q. Ko’rsatma berib, oldingizga jinoyatchini o’tqizib qo’yishlari mumkin. Vaziyat nihoyatda xavfli edi. Kuniga 24 soat ogoh bo’lish kerak u yerda”.

Sannikov qamoqdaligida prezident Aleksandr Lukashenko Rossiya bilan aloqalarni mustahkamladi. Iqtisodiy inqirozga tushmaslik maqsadida Moskvadan kreditlar oldi.

G’arb rasmiy Minskni inson huquqlarini toptayotgani uchun tanqid qilib keladi. Vashington ham, Yevropa Ittifoqi ham Lukashenko rejimi vakillariga nisbatan sanksiyalar joriy etgan.

Buni olqishlar ekan, Sannikov G’arb mamlakatlari Lukashenko haqiqiy diktator ekanini tushunib yetdi, diktatorlarga nisbatan esa faqat bosim taktikasini qo’llash kerak, deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG