Vitse-prezident Bayden Xitoy, Mongoliya va Yaponiyada bo'ladi

  • Amerika Ovozi

Jo Bayden, AQSh vitse-prezidenti

Jo Bayden, AQSh vitse-prezidenti

AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden bugun Xitoyga yo’l olmoqda. Maqsad bu davlat bilan iqtisodiy-moliyaviy masalalar yuzasidan gaplashib olish. Bayden Mongoliya va Yaponiyada ham bo’ladi.

Xitoy Amerikani global iqtisodiyotga tahdid solayotganlikda, o’z muammolarini hal eta olmay, boshqa davlatlarning ham moliyaviy inqirozdan chiqishiga yo’l bermayotganlikda ayblab keladi.

AQSh Tijorat vaziri muovini Lail Breynardning bayon qilishicha, vitse-prezident Bayden Xitoy rahbariyatiga Vashington qabul qilgan so’nggi qarorlar ahamiyati va kuchini tushuntirib beradi. Amerika o’z oldida turgan moliyaviy va iqtisodiy jumboqlarni yechishga qodir va Xitoydek yirik hamkorlar bilan aloqalar joyida bo’ladi, deydi Lail Breynard.

Xitoy davlat axborot vositalarining yoritishicha, fuqarolar AQSh iqtisodiy siyosatidan norozi. Amerika buni "propaganda" sifatida ko'radi.

Xitoy davlat axborot vositalarining yoritishicha, fuqarolar AQSh iqtisodiy siyosatidan norozi. Amerika buni "propaganda" sifatida ko'radi.

“Xitoy kuchli sarmoyador va kreditor. Ular hamon Amerikani dunyodagi eng katta va serdaromad bozor sifatida ko’radi. Qiyinchiliklarga qaramay bizning bozor tobora kengayib bormoqda, innovatsiya va yangilik mana shu yerda ro’y bermoqda”,- deydi AQSh tijorat vaziri muovini.

Vitse-prezident Bayden Pekindagi muzokaralarda Xitoy bilan uning milliy puli va boshqa masalalar yuzasidan davom etayotgan kelishmovchiliklar haqida ham gaplashadi. Rasmiylardan tashqari biznesmenlar bilan ham muloqot qiladi.

Davlat xavfsizligi bo’yicha maslahatchi Toni Blinkenning aytishicha, Bayden Xitoyga ikki davlatning global maydondagi roli kun sayin oshib borayotganini eslatadi.

Xitoy internetni cheklab keladi

Xitoy internetni cheklab keladi

“Bu asrda insoniyat taqdiri Amerika va Xitoy qo’lida. Har ikki davlat oldida o’xshash muammo va majburiyatlar… Birga ishlamay, hamkorlikni kuchaytirmay iloj yo’q. Ularning taraqqiyoti bir-biriga chambarchas bog’liq”.

Inson huquqlari oradagi eng nozik masala. Vitse-prezident Bayden Xitoy bilan bu borada ochiq gaplashishga o’rgangan va bu safar ham shunday qiladi, deydi uning maslahatchisi Toni Blinken.

So’z va matbuot erkinligi, Tibet va Shinjon-uyg’ur muxtoriyati haqida so’z ketishi mumkin. Xitoy odatda Amerikani uning ichki ishlariga aralashayotganlikda ayblaydi, lekin Vashington bu davlatga xalqaro qonunlar va fundamental huquqlarni hurmat qilish ustuvor talab ekanini eslatib keladi.

Jo Baydenning Mongoliyaga safari esa o’ziga xos tarixiy bir voqea bo’ladi. Oxirgi marta AQSh vitse-prezidenti bu mamlakatga 1944 yilda borgan. Bugun Mongoliya barqaror demokratiya. Amerika bilan rishtalar mushtahkam. Yaqinda Mongoliya rahbari Vashingtonda mehmon bo’lgan edi.

Yaponiyaga tashrifida vitse-prezident Bayden asosan mart oyidagi zilziladan keyingi ahvol, yadroviy halokat oqibatlari va Shimoliy Koreya masalasini muhokama qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG