Vitse-prezident Jo Bayden lavozimda qolish uchun Pol Rayan bilan bellashishga tayyor

  • Amerika Ovozi

El republicano Paul Ryan y el demócrata Joe Biden se medirán en un debate sobre política nacional e internacional.

El republicano Paul Ryan y el demócrata Joe Biden se medirán en un debate sobre política nacional e internacional.

Jo Bayden 40 yildan beri siyosat sahnasidan tushmaydi. 69 yoshli arbobning tarjimai xoliga nazar tashlasak.

AQShda prezidentlikka qayta saylanish umidida yurgan Barak Obama o’z o’rinbosari sifatida yana Jo Baydenni tanlagan. Bayden, ma'lumki, to'rt yildan beri vitse-prezident.

Bayden uzoq yillar davomida Amerika tashqi siyosati uchun mas’ul va javobgar arboblardan biri bo'lgan va bugungi lavozimida ham muhim rol o'ynab keladi.

69 yoshli sobiq senator ishchi oilasida voyaga yetgan. Kongressga 29 yoshida saylangan.

Prezidentlikka nomzod etib ko’rsatilgan kishi avvalo o’ziga sherik tanlaydi – vitse prezidentlik uchun.

”Amerika yangi davr bo’sag’asida. O’zgarishlar qilmasak bo’lmaydi. Jo Baydendek maslahatchi bilan bu mamlakatni to’g’ri yo’lga yetaklay olaman”,- degan edi Obama 2008-yilgi saylov kampaniyasida.

AQSh prezidentlari tarixini izchil o’rgangan olim Robert Dudli fikricha Obama respublikachi nomzod Mitt Romnini yengishi uchun unga Baydendek tajribali strateg zarur, aks holda boy beradi.

Jo Bayden 2008-yilgacha Senatning Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi edi. Xalqaro masalalar bo’yicha biror qaror uning fikri yoki quvvatlovisiz qilinmagan.

Baydenning yana bir ustun tomoni uning oddiy oiladan chiqqani. Amerikada bu ham katta plyus. Ishchi-mehnatkashlar ko’ngliga yo’l topish osonroq kechadi.

Bayden qora tanli nomzodga shubha bilan qaragan oq tanli mehnatkashlarni ergashtira olgan.

Jo Bayden Senatga Delaver shtatidan saylangan va 36 yil mobaynida bu lavozimni boy bermagan. Vashingtondagi siyosiy o’yinlarni yaxshi tushunadi. Senatning Adliya qo’mitasiga ham raislik qilgan. AQSh Oliy Sudi a’zolari shu qo’mita tomonidan tasdiqlanadi.

Jo - Jozefning qisqartmasi. Jozef 1933-yilda Pensilvaniya shtatining Skranton shahrida tug’ilgan. 1972-yilda qonunchi sifatida Vashingtonga keladi. Sal o’tmay baxtsiz hodisa yuz berib, xotini va qizidan ayriladi.

"Rafiqam va qizim halok bo’lgach, ikki o’g’lim bilan yolg’iz qoldim. Ular ham avariyada qattiq jarohatlangan edi. Singlim oilasi bilan menikiga ko’chib kelib, bolalarimga onalik qila boshladi. O’g’illarimni tarbiylashda yordam berdi",- deydi Bayden.

Yillar o’tib, Bayden yana oila qurdi. Rafiqasi Jill – akademik.

Jo Bayden prezidentlik uchun ikki bor harakat qilgan. Birinchi marta 1988-yilda nomzodlik uchun kurashni birovning, britaniyalik siyosatchining, nutqini o’g’irlaganlikda ayblanib tark etgan. Bayden Senatda ishini davom ettirdi va 2007-yilda yana o’z nomzodini qo’yishga qaror qildi. Yana omadi chopmadi. Ovoz yig’a olmadi.

Lekin da’vogarlar orasidagi debatlarda Bayden tashqi siyosatni o’zgartirish kerak, dunyo ahli AQShdan norozi deya ko’pchilikni o’ziga qaratgan. Bu munozaralarda Bayden Bush ma’muriyatini terrorga qarshi urush niqobi ostida nafaqat Iroqni, balki islom dunyosi bilan aloqalarni vayron qilganlikda ayblagan.

"Bu siyosat mahsuli o’laroq hozir Pokiston va Afg’onistonda mo’tadil kuch qolmadi. Hamid Karzay va Parvez Musharraf hozir nima qilishni bilmay qolgan",- degan edi Bayden.

Demokratlar uning fikrlarini olqishlasa-da, prezidentlikka nomzod etib Baydenni emas, oxir-oqibat Barak Obamani tanladi. Saralash musobaqalari davom etarkan, Bayden Senatdagi idorasiga qaytdi.

Obamani boshida “aqlli, lekin yosh” deya tanqid qilgan Jo Bayden endi uning prezidentlikka saylanishi uchun “har narsaga tayyorman” deb chiqdi.

Bu yilgi saylov 6-noyabrda o’tadi. Ungacha Obama va Baydenni qator sinovlar kutmoqda.

Raqib tomon, respublikachi nomzod Mitt Romni va u vitse-prezidentlikka tanlagan Pol Rayan bilan yuzma-yuz bahslar, fuqarolarning bugungi ahvoldan shikoyatu-nolalari, Amerika qay yo’ldan boradi degan murakkab savollar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG