Breaking News

Bayden: Turkiyadagi to'ntarish haqida oldindan ma'lumotga ega bo'lmaganmiz


AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden (chapda) Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirim bilan, Anqara, Turkiya, 24-avgust, 2016-yil.
AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden (chapda) Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirim bilan, Anqara, Turkiya, 24-avgust, 2016-yil.

AQSh Vitse-prezidenti Jo Baydenning aytishicha, Turkiyada yuz bergan harbiy isyon bo'yicha AQSh oldindan hech qanday ma'lumotga ega bo'lmagan. U bu haqda Anqarada Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirim bilan uchrashuv ortidan bayonot berdi.

Baydenning aytishicha, AQSh demokratiyani yanada mustahkamlash yo'lida Turkiyaga kerakli barcha yordamni ko'rsatishga tayyor. AQSh rasmiysi terrorga qarshi kurashda, Suriya mojarosiga doimiy yechim topishda ham Anqara bilan yaqin hamkorlik davom etishini bildirdi.

Bayden davlat to'ntarishiga urinish ortida turgani aytilayotgan Fathulla Gulenni ekstraditsiya qilish masalasini ham tilga oldi.

"Davlat to'ntarishiga urinish ortida turganlarni jazoga tortish uchun AQSh hukumati hamma narsani qilishga tayyor. Bu masalada Turkiya rasmiylari bilan hamkorlik qilyapmiz. Sud ekstraditsiya haqidagi shartnoma talablari asosida Gulenni Turkiyaga jo'natish masalasini ko'rib chiqishi uchun hozir huquqshunoslarimiz turkiyalik hamkorlari bilan mavjud dalil va materiallar ustida ishlayapti", - dedi AQSh vitse-prezidenti.

15-iyul kuni yuz bergan davlat to’ntarishiga urinish ortidan yuqori lavozimli Amerika rasmiysi Turkiyaga ilk bor tashrif buyurmoqda. Erdog’an Qo’shma Shtatlar va G’arbni 240 odamning o’limiga sabab bo’lgan siyosiy fitnadan so’ng Anqarani qo’llab-quvvatlamaganlikda ayblagan edi.

Turkiyalik tahlilchi Kamol Kirishchining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, turklarning Amerika va Yevropadan ko’ngli qolgan.

Bayden bu mamlakat rahbarlari bilan muloqot chog’ida Turkiya hali ham AQShning eng yaqin hamkori ekaniga ishontirishga harakat qiladi. Tomonlar Suriyadagi vaziyat xususida ham gaplashishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG