Bayden Rossiyani Ukrainaga qarshi agressiyada ayblamoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden Kiyevda

AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden Kiyevda

Kiyevga safar qilgan AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko bilan uchrashuvidan chiqib, Rossiyani bosqinchilikda aybladi. Uning aytishicha, Rossiyaning harbiy intervensiyasi Ukraina suvereniteti va hududiy daxlsizligiga raxna soldi.

"21-asrda Yevropada yoki boshqa joyda kuch bilan chegaralarni qayta belgilash to'g'ri emas. Rossiyaning harakatlari xalqaro tizim asoslariga xilofdir", - dedi Bayden.

Ukraina hukumati sharqda isyonchilarga qarshi kurashar ekan, Qo'shma Shtatlar uni qo'llab-quvvatlamoqda. Shu kunlarda Vashingtonda Ukrainani qurollantirish xususida bahs-munozaralar ketmoqda. Qonunchilar Obamani Kiyevni qurol bilan ta'minlashga chaqirmoqda, ammo Oq uy bir qarorga kelmagan hali.

Bayden bilan Ukrainaga safar qilgan "Amerika Ovozi"ning ukrain xizmati jurnalisti Miroslava Gongadzening xabar berishicha, Kiyev Baydenni qurol uzatishga ishontirishga harakat qilib ko'radi.

"Ukraina rahbarlari AQShdan uni qo'llab-quvvatlashni so'rab, kafolatlar olishga harakat qiladi. Ular o'zini mudofaa etish uchun jangovar qurollar so'ramoqda. Oq uy ma'muriyatining bu boradagi qarori ma'lum emas hozircha. Rasmiylar bunday ehtimolni hisobdan chiqarganimiz yo'q, bu haqda gaplashyapmiz, demoqda", - deydi Gongadze.

AQSh davlat kotibining o'rinbosari lavozimiga nomzod Toni Blinken Oq uy Ukrainani qurol-yarog', mudofaa uchun ishlatiladigan harbiy uskuna bilan ta'minlashi kerak, deb hisoblaydi. Obama ma'muriyati mojaroni tinch yo'l bilan hal qilish tarafdori.

Rossiya fikricha, agar AQSh Ukrainani qurollantirsa, mojaro yiriklashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG