Jo Bayden qurol nazorati yuzasidan tavsiyalar beradi

  • Amerika Ovozi

Bayden qator qurol turlari savdosini taqiqlash va bunday aslaha xarid qiluvchi fuqarolarni puxtaroq tekshirishni tavsiya qilishi kutilmoqda.

Bayden qator qurol turlari savdosini taqiqlash va bunday aslaha xarid qiluvchi fuqarolarni puxtaroq tekshirishni tavsiya qilishi kutilmoqda.

AQShda qurol nazorati va qonli hujumlarni tugatish uchun mas’ul kengashga bosh Vitse-prezident Jo Bayden Qurol-aslaha uyushmasi rasmiylari bilan ko’rishib, tortishib olgan.

Bir yarim soatlik muloqotdan hafsalamiz pir bo’ldi, deydi qurolga egalik huquqini himoya qiluvchi lobbichilar.

Bu guruh nazarida Oq uy maktablarni va bolalarni himoya qilish haqida o’ylayotgani yo’q; maqsad faqat uchrashuv o’tdimi-o’tdi, deyish, qurol egalari huquqlarini cheklash.

O’tgan yil dekabrida AQShning Konnektikut shtatida ro’y bergan qatliom va 20 nafar yosh bolaning o’limi ketidan prezident Obama maxsus kengash tuzib, Jo Baydenni mas’ul qilib tayinlagan edi.

Vitse-prezident qurol-aslaha nazorati yuzasidan tavsiyalarini kelasi hafta bayon qilishi kutilmoqda.

Unda, jumladan, qator qurol turlari savdosini taqiqlash va bunday aslaha xarid qiluvchi fuqarolarni puxtaroq tekshirish tavsiya qilinishi aytiladi. Ayniqsa, hujumkor o’qotar qurollar man etilishi taxmin qilinmoqda.

Bayden avvalroq ovchilar uyushmasi, jabrlanganlarni himoya qiluvchi guruhlar, film sanoati, ruhiy xastaliklar va huquq-tartibot idoralari ekspertlari bilan alohida gaplashib olgan.

Konnektikut shtati, Nyutaun shahridagi boshlang'ich maktabda dekabr boshida Adam Lanza ismli yigit 20 bola va yana olti kishini otib o'ldirgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG