Senat fermerlarga beriladigan moliyaviy yordamni bekor qilmoqchi

  • Amerika Ovozi

AQSh Senati fermerlarga ajratiladigan moliyaviy yordam dasturlarini bekor qiluvchi qonun qabul qildi. Davlat byudjetidagi kamomadni qisqartirishga hissa qo'shishi kutilayotgan bu hujjat amerikalik dehqonlar va oziq-ovqat dasturlari uchun ajratiladigan 23 milliard dollarlik hukumat yordami, subsidiyalarni bekor qiladi.

Fermerlik va oziq-ovqat sanoatidagi shu kabi moliyaviy dasturlardan voz kechish hisobiga federal hukumat keyingi besh yilda 500 milliard dollar tejashni rejalashtirgan.

Hozir amerikalik dehqonlarning oshig'i olchi bo'lgan payt. Dunyo bo'ylab oziq-ovqat narxlari ko'tarilib borar ekan, dehqonning hamyoni to'lib bormoqda.

Ayni paytda Kongress davlat byudjetini qisqartirishga bel bog'lagan. Shu maqsadda Senat fermerlarga har yili besh milliard dollar subsidiya to'laydigan hukumat dasturini bekor qilish haqida qonun qabul qildi. Shu paytgacha dehqonlar yillik hosil va daromadlari qanday bo'lishidan qat'iy nazar, har yili hukumatdan moliyaviy yordam olar edi.

Ushbu amaliyotning bekor qilinishi yaxshi qadam bo'ldi, deydi Senat Qishloq xo'jaligi qo'mitasi rahbari Debbi Stebnav.

"Daromadlari qanday bo'lishidan yoki talab etilgan ekinni ekish-ekmasliklaridan qat'iy nazar, fermerlar xarajatlari subsidiya qilinardi yoki ularga to'g'ridan to'g'ri pul o'tkazib berilardi. Biz shu amaliyotga chek qoydik", - deydi Stebnav.

Hukumat yordamisiz ham amerikalik dehqonlar hozir yaxshi daromad qilmoqda. Shu bois yangi qonundan norozi bo'lganlar deyarli topilmadi. Ammo bozor har doim ham fermer foydasiga yurmasligi mumkinligidan ogohlantirayotganlar bor.

Amerika dukkakli ekinlar uyushmasi sobiq rahbari Rob Joslinning aytishicha, bozor yaxshi bo'lmagan paytda dehqonlar va oziq-ovqat ta'minoti davlat himoyasiga olinishi kerak.

"Bozor sinadigan kunlar ham bo'ladi. Yangi qonunda bunday holat ham hisobga olinishi kerak", - deydi u.

Fermerlik haqidagi qonun loyihasi dehqonni daromadining keskin tushishidan himoya qiladi. Tanqidchilar fikricha, soliq to'lovchilar pulini dehqonlarga bunday berib, sovurmagan yaxshi.

Bundan tashqari bunday amaliyot Jahon savdo tashkiloti qoidalariga zid topilishi mumkin. Rivojlanayotgan davlatlar AQShning paxta sanoatini subsidiyalash haqidagi qarorining noqonuniyligi ustidan shikoyat qilib, ishni tashkilotda yutgan edi.

Yangi dastur ham shunday muammoga yuz tutishi mumkin, deydi Soliq to'lovchilar uyushmasi vakili Stiv Ellis.

"Doimo daromad ko'rishlarini kafolatlashga urinsangiz, bu tabiiyki, erkin bozor qoidalariga zid keladi", - deydi Ellis.

Dehqonlarni yordamdan, qashshoqlarni esa bepul oziq-ovqatdan mahrum etadigan yangi qonun loyihasi Vakillar Palatasida jiddiy qarshilikka yuz tutishi kutilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG