AQShning O’shda bo’lgan diplomati “prioritetlar” haqida gapirdi


Bishkekda 27 iyul kuni o'tgan xalqaro donorlar anjumanida. Daniel Rozenblum, AQSh tashqi yordami bo'yicha koordinator, o'rtada.

Bishkekda 27 iyul kuni o'tgan xalqaro donorlar anjumanida. Daniel Rozenblum, AQSh tashqi yordami bo'yicha koordinator, o'rtada.

Qo’shma Shtatlar nazarida Qirg’izistonga Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti politsiya guruhi kiritilishi janubdagi vaziyatni barqarorlashtirishda, aholining huquq-tartibot organlariga ishonchini oshirishda ko’maklashadi.

Kuni kecha O’shda bo’lib, vaziyatni o’rgangan Daniel Rozenblum, AQShning tashqi yordam bo’yicha koordinatori, jurnalistlar savollariga javob bergan.

“Guruhning maqsadi bu yerda tergov o’tkazish yoki odamlar fikrini o’rganish emas. Ular mahalliy organlarga yo’l ko’rsatadi, etnik ziddiyatlarni yumshatish uchun harakat qiladi”, - deydi AQSh rasmiysi.

Daniel Rozenblum asosan Yevrosiyo davlatlari uchun mo’ljallangan ko’mak dasturlarini boshqaradi. U yetakchiligidagi delegatsiya Bishkekda xalqaro donorlar konferensiyasida qatnashib, Amerika Qirg’iziston taraqqiyoti uchun qariyb 49 million dollar berishga tayyor ekanini bayon qilgan.

O’sh gubernatori Melisbek Mirzakmatov xorijdan politsiyachilar kelishiga qarshilik bildirmoqda. U singari norozilik bildirayotgan qirg’izlar fikricha tashqi kuchlar aralashsa, xalq yana qo’zg’alishi mumkin.

Xavfsizlikni ta’minlash muhim ekanini ta’kidlayotan AQShning bu boradagi pozitsiyasi qanday?

“Hukumat qarorlariga e’tiroz bildirish Qirg’iziston xalqining uzviy huquqi. Bu demokratiya”, - deydi Daniel Rozenblum.

“Missiyaning masqadi va vazifalari haqida odamlarga ko’proq ma’lumot berish, omma orasida tushuntirish ishlarini olib kerak deb o’ylayman”,- deydi u.

“Fuqarolar va huquq-tartibot idoralari o’rtasida yo’qolgan ishonchni tiklash uchun betaraf vositachilardan foydalanish to’g’ri qaror. AQSh bu tashabbusni qo’llab-quvvatlaydi”, - dedi Amerika diplomati matbuot xodimlari bilan suhbatda.

Vashington va boshqa donor davlatlar Qirg’iziston bilan to’rt masala bo’yicha hamkorlikni prioritet deb belgilagan, bular - gumanitar yordam, xavfsizlik, millatlararo totuvlik hamda O’sh va Jalolobodni qayta qurish.

Xalqaro hamjamiyat kelasi ikki yarim yilda shu maqsadlarga 1,1 milliard dollar ajratishni va’da qilmoqda.

Bu mablag’ to’g’ri maqsadlarda sarflanishini Jahon Banki va donor davlatlarning Qirg’izistondagi diplomatik vakillari nazorat qiladi.

XS
SM
MD
LG