Qora tanli ayollar 2008 va 2012-yillarda faol ovoz bergan, bu safar-chi?

  • Amerika Ovozi

“Qora qizlar saylaydi” degan nohukumat tashkilot biror partiyaning tarafida emas. Qora tanli ayollarni saylovda faol ishtirok etishga undovchi organ. O’tgan yili ochilganidan beri 11 mingga yaqin yangi saylovchini ro’yxatdan o’tkazgan.

Amerikaliklar siyosatga befarq emas. Har biri o’z siyosiy fikriga ham ega. Lekin bu ular saylovda ovoz beradi degani emas. Har safar saylovdan oldin bu masalaga e’tibor kuchayadi va faollar qattiqroq ishlay boshlaydi.

Nikidra Robinson “Qora qizlar saylaydi” degan tashkilotga asos solib, afro-amerikalik yoshlarning siyosiy ongini oshirishni maqsad qilgan. Ayollar hozir ancha oldinda, deydi u, biroq saylovga chiqmaydiganlar ko’p.

“2008 va 2012-yillarda qora tanli xotin-qizlar muhim rol o'ynagan. Ovoz berish huquqiga ega ayollarning 70 foizi saylovga chiqqan”,- deydi Robinson.

Chiqmaganlarning aksariyati 19-25 yosh orasida bo’lgan. E’tibor hozir aynan shu avlodni jalb qilishda.

“Yoshlar saylov nimani ham o’zgartiradi deb qo’l siltaydi, chunki hayotga ta’sirini tushunmaydi”,- deydi Robinson.

Faollar ularga aynan shu orada ma’lumot berishga, kundalik hayot va fuqaro ovozi orasidagi bog’liqlikni ko’rsatishga harakat qiladi. Atrofga yaxshiroq qarang, deydi ular.

“Politsiya qanday ishlaydi? Svetoforlar nega ishlamaydi? Mahalladagi do’kon nega yopilib ketdi? Nega ish yo’q? Iqtisodiy imkoniyatlar qayerda? Hammasi siyosatga bog’liq”,- deydi Robinson.

“Qora qizlar saylaydi” tashkiloti xotin-qizlarning ish va o’qish joyiga boradi va targ'ibot ishlari olib boradi.

“Ro’yxatdan o’tish uchun keldim. Bu tashkilotga a’zo bo’lmoqchiman”,- deydi Kiayra Benks.

Bu qiz tibbiyot maktabida o’qir ekan. Shu paytgacha hech ovoz bermagan.

Kisha Addison ham talaba, uch farzandning onasi. 19 yoshidan beri ovoz berib kelarkan.

“Mahalliy saylov yoki prezident uchun, qatnashaman”,- deydi u.

Qora tanli ayollar saylovda boshqalarga qaraganda faolroq ishtirok etishi kerak, deydi Kisha. Siyosat qiziq emas deyish dangasalik, loqaydlik. 21 yoshli qizi saylovga chiqmayotganidan afsusda.

“Qizim nomzodlarga qarab, birortasi meni tushunmaydi baribir, yoshlar ularga qiziq emas, deydi. Mening maslahatim shuki, kimga bo’lsa-da ovoz ber. Berilgan ovoz nimanidir o’zgartiradi. Bermasang, sening ahamiyating yo’q”,- deydi Kisha.

“Qora qizlar saylaydi” tashkiloti bolalar bilan ham ishlaydi. Ularga siyosiy bilim beradi.

Lagerlarda maxsus dasturlar yuritadi - to’garaklar va darslar.

“Qancha erta boshlasak, shuncha yaxshi. Siyosiy tarbiya berish va olishning kechi yo’q. Yosh-qari, odamlar fuqarolik nima ekanini bilishi, his qila olishi va huquq va burch birdek muhim ekanini anglashi lozim”,- deydi Robinson.

Bolalar bilsinki, deydi Nikidra Robinson, demokratiya qattiq mehnat, chuqur bilim va faollik talab qiladi. Vakil saylaysizmi, prezident yoki gubernator, u sizning manfaatingizni ko’zlashi lozim. Demak, sizga yoqqan odamga ovoz berishingiz kerak. Muhimi, loqayd bo’lmang.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG