Qora tanli faol, fozil ayollar jamiyati 100 yoshda

  • Amerika Ovozi

Delta Sigma Teta o’qimishli talaba ayollar jamiyati. Mana 100 yildan oshibdiki, afro-amerikalik xotin-qizlardan iborat eng yirik bu jamoa bardam. Guruhning ramziy ranglari, qizil va oq kiygan Aaaro Jan Bell Rid safga 11 yil oldin qo’shilgan.


“Oramiz juda yaxshi, juda qalinmiz. Umumiy maqsad uchun xizmat qilishdan qochmaymiz, hamma birday kirishib ishlaydi”.

Delta Sigma Teta jamiyatiga 1913-yilda Xovard Universitetining talaba qizlari asos solgan. Oliy ma’lumotli xotin-qizlar qora tanli aholi manfaatlari uchun mehnat qilishga va’da bergan.

Bu yilgi yubiley boshida turgan – Gvendolin Boyd. Uning aytishicha, jamiyat ish boshlaboq Vashingtonda ayollarning ovoz berish huquqini himoya qilib, faollar qatorida namoyishlar qilgan.

“Asoschi ayollar o’sha yillari xotin-qizlarning saylovda qatnashish huquqini talab qilib bosh ko’targan sanoqli afro-amerikaliklardan edi. Bu ayollar uzoqni ko’ra bilgan. O’sha isyonga hissa qo’shib, kelgusida qora tanli aholining ovoz berish huquqini ham himoya qilishga xizmat qilayotganini bilgan ular”, - deydi Boyd.

Jamoa a’zolari o’shandan beri har bir muhim namoyishda ishtirok etishni kanda qilmaydi, deydi Vanessa Tomas, faol.

“Bu guruhini boshqalardan ajratib turgan mana shu. Asoschi xotin-qizlar jamiyatda o’zgarish qilishni maqsad qilgan. Faqat o’yin-kulgi uchun yig’ilmagan ular, balki odamlar turmushini yaxshilashni o’ylab mehnat qilgan”, - deydi Tomas.

Yillar davomida jamoa muhtojlarga yordam berish, o’qishga chanqoq yoshlarni qo’llab-quvvatlash uchun mablag’ ajratgan.

“Yoshlar bilan ishlab, o’qishiga qarashamiz, oliy o’quv yurtiga kirishi, muvaffaqiyat qozonishiga yordam berib yuboramiz. Talabalar uchun stipendiyalar ta’sis etganmiz. A’lo baholarga intilishi uchun rag’batlantiramiz”, - deydi Boyd.

Fransin va Sintiya Bleyk uchun faol bu jamoa oiladay bo’lib qolgan.

Bugun Delta Sigma Tetaning 260 ming a’zosi bor. Kelgusida ham fozil bu jamoa qora tanlilar tarixida yangi sahifa ochishda, yoshlar hayotida ijobiy o’zgarishlar qilishda davom etadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG