Amerikada qora tanlilarning yangi harakati kuchga to'lmoqda

  • Amerika Ovozi

Harakat faollari

Harakat faollari

Amerikada “Qora tanlilar ham odam” deb nomlangan harakat politsiya zulmiga chek qo’yishga, adliya tizimini isloh qilishga da’vat etmoqda. Asosan yosh qora tanli faollardan tuzilgan harakat ijtimoiy fikrni o’zgartirishga harakat qilmoqda, siyosatchilarni esa bu yo’lda konkret qadam qo’yishga undamoqda.

2014-yilda paydo bo’lgan harakat a’zolari Vashingtonda o’tgan yirik namoyishda qatnashdi.

AQShning bir necha shaharlarida politsiyaning qattiqqo’lligi oqibatida bir necha qora tanli jon berganidan so’ng harakatga kelgan bu guruh a’zolarining aytishicha, afro-amerikaliklar yashaydigan mahallalarda aholini kamsitish va politsiya zulmiga chek qo’yish vaqti keldi.

“Xalq sifatida shu maqsad sari to’planishimiz juda muhimdir”, - deydi faollardan biri Rashad Tyorner.

“Qora tanlilar ham odam” harakati ijtimoiy sahifalarda, ko’cha namoyishlarida tarafdor orttirmoqda.

"Politsiya odamlarni himoya qilishi kerak, ular esa, aksincha, zulm qilmoqda. Odamlar oliy adliya tizimidan bu bilan shug’ullanishni talab qilishi kerak", - deydi baltimorlik bir odam.

Harakat mamlakatning o’ndan ortiq burchagida o’z idoralarini ochdi. Tarafdorlarining aksariyati siyosiy jihatdan mustaqil. Yaqinda ular Sietl shahrida saylov kampaniyasida qatnashgan demokratlardan prezidentlikka nomzod Berni Sanders diqqatini o'ziga tortmoqchi bo'ldi.

"Men progressiv kuchlarga to'la bu shaharda irqchilik qanchalik kuchli ekanini Berniga aytmoqchi edim, ammo siz unga aytib bo'libsiz", - deydi namoyishchilardan biri.

Tanqidchilarga ko’ra, harakat qonunchilarga o’z so’zini o’tkaza olmayapti.

"Ko’plab yigitlarning politsiya qo’lidan o’lgani haqida Facebook va boshqa ijtimoiy sahifalar orqali bilish mumkin, ammo harakat yetakchilari sust, yetarli darajada faol ishlamayapti", - deydi Nyuark shahridan Jasmin Barnett ismli talaba.

Xyuston shahrida qora tanli bir odam sherif o’rinbosarini otib ketganidan so’ng ayrim politsiyachilar bu harakatni ziddiyatlarni kuchaytirayotganlikda aybladi.

"Qora tanlilar ham odam ekanini bilamiz. Politsiyachilar ham odam. Hech kimni alohida ajratmasdan hammani odam deganimiz to’g’ri bo’lmasmidi?” - deydi Xarris okrug sherifi Ron Xikmen.

Bunday yondashuvga hamma ham qo’shilmaydi.

"Qora tanlilar ham odam deb, boshqalar odam emas demoqchimasmiz. Biz shunchaki boshqalarning bizni tushunishlarini istaymiz, buning uchun esa omon qolishimiz kerak”, - deydi harakat tarafdori Dennis Rodrigez.

Sobiq amerikacha futbol o’yinchisi Rey Lyuisning aytishicha, har bir inson hayotining qadri bor.

"Terining rangi qanday bo’lishidan qat’i nazar. Agar yosh bola bo’lsangizu, hayotda hali mustaqil bo’lmasangiz, ko’chada otishmani ko’rib qolsangizu, bu voqea sizga ta’sir qilsa, qaysi irqqa mansub bo’lishingizning ahamiyati yo’q", - deydi sobiq sportchi.

“Qora tanlilar ham odam” harakatining yetakchilariga ko’ra, uning faollari adliya tizimini isloh qilish va faollarning yangi avlodini tarbiyalashda muhim rol o’ynamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG