Amerika -Tojikiston muzokaralarida nima haqda gap ketdi?


AQSh Davlat kotibi muovini Robert Bleyk Dushanbeda prezident Imomali Rahmon bilan uchrashib, hamkorlik va Vashingtonni tashvishga solayotgan muammolar haqida gaplashgan.

AQSh Davlat kotibi muovini Robert Bleyk Dushanbeda prezident Imomali Rahmon bilan uchrashib, hamkorlik va Vashingtonni tashvishga solayotgan muammolar haqida gaplashgan.

11-12 aprel kunlari Dushanbeda Amerika-Tojikiston yillik muloqoti bo’lib o’tdi.

Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha muovini Robert Bleyk boshchilik qilgan delegatsiya tarkibida diplomatlardan tashqari AQSh Mudofaa vazirligi, Tijorat vazirligi va Xalqaro Taraqqiyot Agentligi vakillari ham bo’ldi.

Fevral va mart oylarida bu singari muzokaralar Turkmaniston, O’zbekiston va Qozog’istonda ham bo’lib o’tgan edi.

Dushanbeda muhokama qilingan masalalar: xavfsizlik, chegara himoyasi, qoradori savdosiga qarshi kurash, Afg’onistondagi vaziyat, biznes va sarmoya, korrupsiyaga qarshi kurash, so’z va matbuot erkinligi, siyosiy va diniy huquqlar hamda fuqaro jamiyati qurish yo’lidagi muammolar.

15 mayda Tojikistonda parlament saylovlari bo’lib o’tadi. Obama ma’muriyati respublika rahbariyatiga xalqaro talab va majburiyatlarni eslatmoqda. Saylov erkin, oshkora o’tishi kerak, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik Institutlar va Inson Huquqlari Idorasi qilgan tavsiyalar inobat olinsin, deydi Amerika rasmiylari.

Muloqotning eng muhim qismi bu Robert Bleykning prezident Imomali Rahmon bilan uchrashgani bo’ldi.

AQSh rasmiysining aytishicha, gap asosan Afg’oniston bo’yicha hamkorlik va chegara xavfsizligi va narkotiklarga qarshi kurashda AQSh qanday yordam berayotgani va uni oshirish haqida ketgan.

Amerika tomoni prezident Rahmonga sarmoya ko’lami va savdo aloqalari kengayishi uchun Tojikistonda zarur sharoit mavjud emasligi, mamlakat soliq kodeksi isloh qilinishi lozimligini eslatgan. AQShda ba’zi kompaniyalar Tojikistonda mineral va energetik boyliklar qazish borasida qiziqish bildirib keladi, ammo ular fikricha, sistema va real vaziyat talabga javob bermaydi.

Huquq va demokratiya xususida ham fikr almashilgan. Tojikistonda matbuot erkinligi cheklangani va fuqarolar e’tiqodi uchun tazyiq ostiga olinayotgani yuzasidan Robert Bleyk o’z davlati munosabatini bildirgan.

Amerika Tojikistonda ko’p partiyaviy sistemani, xususan Islomiy Uyg’onish Partiyasi parlamentda o’z o’rniga ega ekanini qo'llab-quvvatlab keladi. Markaziy Osiyoning boshqa hech bir davlatida islomiy partiyalar tan olinmagan. Fevral oyida Dushanbeda Hikmatullo Sayfullazoda, bu partiya matbuot kotibi va uning gazetasi muharriri do’pposlab ketilgan va AQSh elchixonasi buni qoralab chiqqan edi.

Florida shtatida Qur’on yoqilgani musulmon dunyosida g’azab uyg’otgan, Afg’onistonda BMT idorasiga xuruj qilinib, 12 kishi o’lgan edi.

Matbuot anjumanida bu mavzu tilga olinganida, Robert Bleyk shunday javob qildi:

“Prezident Barak Obama va Davlat kotibasi Xillari Klinton Floridada Qur’on yoqilganiga nisbatan bildirgan munosabatini qayd etaman. Muqaddas kitobni oyoqosti qilish – boshqalarning dini va qarashlarini oyoqosti qilish bilan barobar. Biz har qanday diniy toqatsizlikka qarshimiz”.

AQSh maxsus kuchlari Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan Tojikistonda ham operatsiyalar olib borishi uchun ruxsat berilgan degan mish-mishlar – g’irt safsata, deydi Robert Bleyk, prezident Rahmon bilan uchrashuv ketidan bu borada savol berilganida.

Arab dunyosida diktaturalarga qarshi namoyishlardan Markaziy Osiyo rahbarlari qanday saboq olishi kerak deb so’ralganida:

“Hukumat borki, xalq talabi va istak-xohishini qondirish yo’lida xizmat qilishi kerak”,- deb javob qildi Bleyk.

“Insonlar, dunyoning qayerida bo’lmasin, ishlab oilasini boqa olishni, farzandlari bilimli bo’lishini, farovon va erkin yashashni istaydi. Nafaqat Tojikiston, balki butun dunyoda rahbarlar mana shuni yoddan chiqarmasligi va fuqarolar dardini tinglab, ularni rozi bo’lishi uchun qo’ldan kelgan barcha ishni qilishi kerak”,- dedi AQSh Davlat kotibi muovini.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG