Breaking News

Nyu-York sobiq meri Blumberg prezident poygasiga kirishi mumkin


73 yoshli Blumberg Amerikaning eng yirik shahriga uch muddat hokim bo'lgan
73 yoshli Blumberg Amerikaning eng yirik shahriga uch muddat hokim bo'lgan

Nyu-York sobiq meri Maykl Blumberg kech bo'lsa-da, mustaqil nomzod sifatida 2016-yilgi prezident poygalariga kirish haqida jiddiy o'ylanayapti.

73 yoshli Blumberg Amerikaning eng yirik shahriga uch muddat hokim bo'ldi. Ikki yil oldin xizmatini tugatgan sobiq mer mamlakatda qurollarni qattiqroq nazorat qilish yo'lida astoydil kurashgan.

40 milliard dollarlik mol-davlati bor Blumberg eng boy amerikaliklardan. Mahalliy va jahon iqtisodiyotiga doir ma'lumotdan unumli foydalanib ko'radigan moliyaviy qarorlari bilan tanilgan.

Matbuotning yozishicha, Maykl Blumberg siyosiy kampaniya uchun o'z daromadidan 1 milliard dollar sarflashga tayyor. Poygaga kirish-kirmaslik haqida tugal qarorni mart oyigacha qabul qilmoqchi. Yaqin haftalarda mamlakatda demokrat va respublikachi nomzodlarni saralash bo'yicha dastlabki bosqichlar o'tishi kerak.

Blumbergga yaqin odamlarning aytishicha, u xususan respublikachilar safida boshqa bir milliarder, Nyu-Yorkning chapani biznesmeni Donald Tramp ildamlab ketganidan xavotirda. Bundan tashqari, Blumberg demokratlar poygasini ham tashvish bilan kuzatmoqda, deydi uning safdoshlari.

Sobiq tashqi ishlar vaziri Xillari Klinton ommaviy reytinglarda oldinda, biroq uning raqibi, sotsialist qadriyatlarni olg'a surib tanilgan senator Berni Sanders Ayova va Nyu-Xempshir shtatlaridagi so'rovlarda Xillaridan o'zgan. Aynan shu ikki shtat birinchi bo'lib kelasi oy demokratlar va respublikachilardan yagona da'vogarlar kim bo'lishini hal qiladi.

Bir paytlar respublikachi qarashlarini bildirgan Blumberg keyinroq mustaqil arbob sifatida o'zini tanita boshlagan. U 2008-yilda ham prezidentlikni mo'ljallagan, lekin tarafdorlari ko'p bo'lmagani bois niyatidan kechgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG