Bobomurod Razzoqov qattiq jarohatlangan, deydi siyosiy mahbusning yaqinlari


O'zbekiston qamoqxonalari

O'zbekiston qamoqxonalari

Xalqaro tashkilotlar va mahalliy faollar bergan ma'lumotga ko'ra, O'zbekistonda inson huquqlari doirasidagi shikoyatlar, ayniqsa tuzumga muxolif shaxslar va dindorlarga nisbatan bosim davom etmoqda.

Qamoqdagi huquq himoyachilari bilan uchrashuvlarga ruxsat berilmayapti. Odam savdosida ayblanib, to'rt yilik qamoq jazosiga hukm qilingan Bobomurod Razzoqov qamoqda qattiq kaltaklangani haqida ishonchli xabarlar bor.

Mahbusning o’g’li Shuhrat Razzoqov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda deydiki, otasining ahvoli yomonlashgach, u Tovoqsoydagi lagerdan Toshkentdagi maxsus kasalxona “Sangorod” ga olib kelingan.

Biroq oila a’zolari va advokati Bobomurod Razzoqov bilan ko’risha olmagan. Qamoqxona ma’muriyati Razzoqga tegishli shaxsiy hujjatlarda muammo bor deya ruxsat bermagan.

Ayni paytda Bobomurod Razzoqov “Sangorod” dan Chirchiqdagi qamoqxonaga ko’chirilgan.

Shuhrat Razzoqov fikricha otasini ko’rsatishmayotganining jiddiy sabablari bor, gap uning jarohatlarida.

“Sangorodga olib kelinganidan so’ng, noyabr oyida ikki marta ko’rgani bordik, ammo otamni shaxsiy varaqalari yo’qligini aytib uchrashishga ruxsat berishmadi. Vrachlardan olgan ma’lumotimizga ko’ra, otamning bosh chanog’i va jag’ suyagi o’ng tomonidan singan", - deydi o'g'il.

"Shuning uchun ham turli bahonalar qilib, shaxsiy varaqalari zonada qolib ketgan deb, bir oydan buyon uchrashuvga ruxsat berishmayapti. Nafaqat bizga, balki advokat bilan ushrashuvni ham rad qilishgan. Shuning uchun kerakli joylarga shikoyat arizasi bilan murojaat qildik, lekin hozircha javob olganimiz yo’q. Ehtimol qamoqxonada dadamga nisbatan yangi jinoiy ish ochilgandir. Hech narsadan xabarimiz yo’q, xavotirda o’tiribmiz”, - deydi Shuhrat Razzoqov.

Bobomurod Razzoqov 60 yoshdan oshgan. Hukumatni huquqbuzarlikda tanqid qilib kelgan faol o’tgan yili Buxoro viloyatida sudlangan. Qamoqxonadagi tartibni buzishda ayblanib, amnistiya qo’llanilmagan.

“Mart oyida jarimaga solishgan edi. O’tgan yili ham amnistiya chiqishidan oldin ichki tartibni buzishda ayblab jarimaga tortishgan edi”, - deydi Shuhrat Razzoqov.

60 dan oshgan Bobomurod Razzoqov o'tgan yildan beri qamoqda

60 dan oshgan Bobomurod Razzoqov o'tgan yildan beri qamoqda

“Ezgulik” inson huquqlari jamiyatining Buxoro viloyati bo’limiga rahbarlik qilib kelgan Razzoqov ayniqsa fermer huquqlari, paxta monopoliyasi va majburiy mehnat bilan bog’liq chiqishlari bilan tanilgan. Biroz avval “Ezgulik” jamiyati Razzoqovning qamoqdan o’z yaqinlariga yozgan xatini e’lon qilgan edi. Maktubda mahbus ahvoli og’irlashganini aytib, yaqinlari bilan yana ko’rishishiga ishonchi yo’qligini yozgan edi.

“Xatni dadam o’z qo’llari bilan yozganlar, dasxatlarini taniyman. Xat yangi yilgacha yetib borolmasam kerak degan ma’noda yozilgan. Qamoqxonadagi vaziyatlarini aniq baholaganlar, chunki meni ko’rmasangizlar kerak, deb yozilgan. Haqiqatan ham mana ikki oydan buyon ko’rolmayapmiz”, - deydi Shuhrat Razzoqov.

Bobomurod Rozzoqovga nisbatan jinoiy ish buxorolik ayol tomonidan yozilgan shikoyatga ko’ra ochilgan edi. Bu shikoyat ortidan Razzoqov hibsga olingan.

“Otamning ustidan o’tgan sud ham, unga nisbatan qo’yilgan ayblovlar ham mutlaqo soxta. Sud jarayonida ham biror narsa o’z tasdig’ini topmadi”, - deydi Shuhrat Razzoqov.

Bobomurod Razzoqov qamoqdan yozgan oxirgi xat

Bobomurod Razzoqov qamoqdan yozgan oxirgi xat

O’zbekistonda qamoqqa tashlanayotgan huquq faollariga nisbatan odam savdosiga aloqadorlik aybi odat tusiga kirgan.

Shu yil muxolifat faollari Faxriddin Tillayev va Nuriddin Jumaniyozovlar ham odam savdosiga aloqadorlikda ayblanib uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Vashingtonda asoslangan "Freedom Now" nohukumat tashkiloti siyosiy mahbuslar ishini ko'tarib keladi. AQSh poytaxtidagi Dechert LLP yuridik firmasi Bobomurod Razzoqovning huquqlarini bepul himoya qilishga bel bog'lagan. Har ikkala tomon O'zbekiston hukumatiga murojaat qilib, mahbuslarning huquqlarini eslatmoqda.

Yaqinda AQShning sakkiz senatori O'zbekiston rahbari Islom Karimovga xat yozib, qamoqdagi faollar va jurnalistlarni ozod etishga chaqirgan. Ular tilga olgan mahbuslar orasida Bobomurod Razzoqov ham bor.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG